Faridaning 2000 qo'shig‘i filmi haqida



Premyerasidan keyin Facebook lentamda "Voy, dod, bu kino Oskar oladi", deyilgan "Faridaning 2000 qo'shig‘i" filmini va nihoyat ko‘rdim.

Filmni biroz tomosha qilganimdan keyin bu "O‘tov" filmiga o‘xshar ekan-mi degan hayol keldi. Qisman haq ekanman. Bu film rejissori Yorqin To‘ychiyev "O‘tov"ning ssenariysini yozgan ekan.

To‘g‘risi bu film ana shu "O‘tov"ning muvvaffaqiyatidan ilhomlanib, yana bir falsafaga boy kino suratga olib qo‘yaylik, ko‘rganlar yana "vox" desin degan motivda suratga olingan "remake"dek tuyildi.

Faqat kartinada tasvirlangan davrda farq bor. "O‘tov" Afg‘on urushi bo‘lgan yillarni tasvirlagan bo‘lsa. "Faridaning 2000 qo‘shig‘i"da undanda oldinroq, Bolsheviklar Nikolay Poshshoning dodini berayotgan kezlar ko‘rsatilibdi.

Film mazmunidan avval sifat haqida gapirsam. Ovoz rejissorining karomati sabab kinoning boshidan to ohirigacha qo‘limda pult bilan o‘tirdim. Sababi tasvirning orqa planida turgan qahramonlar gaplashayotgan sahnalarida, ular uzoqda turibdiku, deb ovoz pastlatib qo‘yilgan. Tasvirga yaqin qahramonlar suhbatida esa ovoz balandlatilgan. Buning oqibatida orqa plandagi qahramonlar suhbatini eshitish uchun pultni olib ovozni balandlatasiz, keyingi sahnada esa biror qahramon baland ovozda gapiradi va televizoringiz baqirib yuboradi. Xullas pultda ovozni ko‘tarib-tushirib o‘tirishda to‘g‘ri keldi.

Yana bir qiziq jihat. Ijodkorlar "prosmotr" yig‘ish uchun hamma afishalarga ana o‘sha vaqtda trendda bo‘lgan aktrisa Yulduz Rajabovaning suratini tirkab chiqishibdi. Men Farida shu bo‘lsa kerak desam u Farida emas Robiya ekan. 

Falsafiy unsurlar qo‘shsak kinoning saviyasi oshib qoladi, hamma bu filmdan falsafa qidiradi deb o‘ylashgan chog‘i. "O‘tov" va "Chashma" kabi filmlardagidek sokin tasvirlar, ovozsiz kadrlar qalashib yotibdi. Lekin mazmunan juda falsafiy voqealar yo‘q. Mavzu ko‘pxotinlik va kundoshlar o‘rtasidagi rashk. Bu film beshta xotini bor otaxonning hayoti haqida hikoya qiladi xalos.

Rus bosqinchilari va bosmachilar ko‘rsatilgan lavhalar bo‘lsa-da kartina vatan ozodligi yo‘lidagi kurash haqida hikoya qilmaydi.

Qizig‘i bu filmga haqiqiy bahoni xalq berib bo‘libdi. Sababi YouTubega 1 yil oldin yuklab qo‘yilgan kino o‘tgan vaqt ichida 64 ming marotaba ko‘rilibdi. "Oskar" oladi deb okean ortiga yuborilgan film uchun menimcha bu ko‘rsatkich ancha kamtarin raqam. 

"Faridaning 2000 qo‘shig‘ haqida" ancha avval jurnalist Hulkar Murtazayeva yozgan tanqidiy postga ko‘zim tushgan edi. Kinoni ko‘rib bo‘lgach ana shu postni Facebookdan qidirib topib, qayta o‘qidim hamda yozgan fikrlariga 100% qo‘shilganim sabab mana shu yozganlarimga ana shu postni ilova qilaman.

Hulkar Murtazoyevaning posti (Facebook) <

Комментарии