"Jannat onalar oyog‘i ostida" filmini tomosha qildim

So'ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik "Jannat onalar oyog‘i ostida" filmini tomosha qilish uchun kinoteatrlarga borgani haqidagi postlarga ko‘zim tushdi. Eng qizig‘i ushbu kino haqida negativ fikrlarni ko‘rmadim.



Va nihoyat bugun ushbu kinofilmni ko‘rdim. Bu film "Next", "Parus", "Yulduz Cinema", "Magic cinema", "Compass cinema", "Riviera Cinema", "Sergeli cinema" va "Cinematica" kinoteatrlarida namoyish etilayotgan ekan. "Tashkent city mall"ning kinoteatri qanday ekaniga qiziqqanim uchun "Cinematica"ni tanladim. E'tiborlisi ushbu filmga qiziqish chindan yuqoriligi ko‘rinib turibdi. Sababi soat 14:00dagi senasga borganimizda deyarli barcha chiptalar sotib bo‘linibdi. Faqat 1-qatordan joylar qolgan ekan. Kinoteatrlarda old qatorda o‘tirib kino ko‘rish noqulayligini hamma bilsa kerak. Boshqa joy yo‘qligi uchun old qatordan chipta oldim (60000 so‘m ekan)

Faqat bir xatoga yo‘l qo‘ydim. Ermak qilaman deb popkorn olmoqchi bo‘ldim-u, lekin arzonroq tusharkan deb katta paketdagi chipsni oldim (o‘zimcha pulni iqtisod qilgim kelgandi). Lekin u chipsni yeb bo‘lguncha tishlarimda tish, milklarimda milk qolmadi. Bu xatoni takrorlamang!


"Cinematica"ning kino zaliga qisqacha to‘xtalsam. Biz 5-zalda filmni tomosha qildik. Boshqa zallarini bilmadim lekin "Tashkent city mall"dek gigant loyiha uchun zal va monitor kichikroqdek tuyildi. Kreslolari ham nisbatan oddiyroq va zich ekan. Masalan "Yulduz cinema"da kreslolar katta va qora charmdan edi. Shunga qaramay soat 14:00dagi seansda zal to‘ldi, 14:30da boshlanadigan seansga ham ko‘p chiptalab sotib bo‘lingan edi. Shunday ekan odamlar kinoteatrlarga kelmay qo‘ydi degan gaplarga hozir asos qolmabdi.

 





Film haqida ko‘p yozishni xohlamayman. Chunki qiziq joyini oldindan aytib qo‘yishim mumkin. Agar tizerini ko‘rmasdan kelganimda yanayam qiziqroq bo‘lardi, deb hayolimdan o‘tkazdim.


Ushbu kartinaning ustunliklari o‘zbek tiliga yaxshi dublyaj qilingani va voqealar rivoji ko‘plab syurprizlarga boyligida bo‘libdi. Eng yoqqan jihati esa filmning bir qismi O‘zbekistonda ham suratga olingani hamda taniqli o‘zbek aktyorlari ishtirok etgani bo‘ldi.

Men uchun kinoning eng katta minusi esa g‘oyaviy tomonlama bo‘ldi. Ya'ni ta'sirchanlikni oshiramiz, deb syujetda ayrim mantiqsizliklarga yo‘l qo‘yilgan. Shunga qaramay ijodkorlar tomonidan qilingan katta mehnat ko‘rinib turibdi. 

Qirg‘izistonlik ijodkorlar suratga olgan film O‘zbekistondagi kinoteatrlarni tomoshabinlar bilan to‘ldirib tashlayotgani bizning kino ijodkorlarga ham signal bo‘lishi kerak. Nimaga deganda bizdagi rejissorlarning "odamlar kino ko‘rganni kelmay qo‘ydi. Kinoteatrlar bo‘sh, kim uchun kino suratga olamiz?", degan gaplari endi men uchun qip-qizil bahona.

Yagona masala yaxshi film suratga olishda ekan. Bugungi namoyish avvalida rejissor Jahongir Ahmedovning "Bahodir Yalangto‘sh" filmining tizeri namoyish etildi. Zalga yig‘ilgan barcha bu rolikni ko‘rdi. Negadir shu kinodan umidim katta. Qolaversa "Uch qahramon" filmini ham kutyapman. Shu ikki film muvvaffaqiyatga erishishidan umidvorman.

Xulosa o‘rnida aytsam, "Jannat onalar oyog‘i ostida" filmini tomosha qilish uchun borsangiz arziydi. Faqat o‘zingiz emas, oila a'zolaringiz bilan.

Комментарии