"Nest one"ning 48-qavatida...

Ulug‘bek Xudoyberganov (Ulug‘bek Toshkandiy)

5 yoshimgacha hovlida yashaganmiz, 5 yoshimdan keyin 5 qavatli binoning 4-qavatida. Maktabga borgunimcha men chiqqan eng baland nuqta "G‘ofur G‘ulom" (bolaligimdagi nomi "Mirzo-Ulug‘bek" edi) istirohat bog‘idagi charxpalak bo‘lgan. Uning eng yuqorisidan faqat atrofdagi daraxtlar ko‘ringan. Shu desangiz yangilishmasam 2-sinflik vaqtimda Mirobod tumanida qurilgan yangi 12 qavatli uyga mehmonga bordik. Biz borgan uy binoning o‘rta qavati bo‘lsada men nima ham bo‘lib yo‘lakka chiqdim va eng yuqori 12-qavatga ko‘tarilib, umumiy yo‘lakdagi oynadan pastga qaradim, boshim aylangandek bo‘ldi. Atrofga razm solib, biroz tomosha qilgan ham bo‘ldim. Tamom! Shundan so‘ng men vaqti-vaqti bilan bir tushni qayta-qayta ko‘radigan bo‘lib qoldim.

Bu tushning tasviri shunday: Men aynan Toshkent ko‘chalari bo‘ylab yuraman, qarshimdan baland binolar chiqadi, ko‘rinib turganlari ichida eng balanddining eng yuqori qavatiga chiqaman va oynadan atrofga qarayman, sal narida u binodanda balandrog‘ini ko‘raman, ana shu binoning eng yuqorisiga chiqqim keladi, ammo, buni uddasidan hech chiqolmayman. Bu jarayon uyg‘onib ketgunimgacha davom etadi. 

Ba'zan Toshkentda bir baland binoni ko‘raman, eng yuqori qavatiga chiqib, bamaylixotir atrofni tomosha qilgim keladi lekin uning tepasigacha yetib borolmayman.

Real hayotda esa qalbimga taskin bergan voqea kollejda va universitetda o‘qiyotgan vaqtim Toshkent teleminorasiga chiqqanimda bo‘lgan. Teleminoradan atrofga qarab, Toshkentni o‘ngimda, yuqoridan, o‘z ko‘zim bilan tomosha qilganimdan so‘ng ancha yengil tortganman. 

Joriy yilning sentabr oyi… ketmaga-ket ikki kun "Nest one" binosining 48-qavatiga chiqdik. Ikkinchi kun 48-qavatda tahminan 3 soat davomida bo‘ldim. Bu vaqt ichida 48-qavatdagi oyna oldiga joylashib shunchaki atrofdagi manzarani tomosha qildim. Men uchun shu vaqtgacha baland tuyilgan barcha binolarni yuqoriroqdan, tepadan tomosha qilish qiziq tuyildi. 48-qavatdan turib shaharni turli tomoniga navbati bilan termulib turar ekanman ayrim jihatlar e'tiborimni tortdi.


* 48-qavatga yerdagi ovozlar eshtilmaydi, faqat masjidlardagi a'zon ovozi bundan mustasno.

* 48-qavatdanda yuqoriroqda uchadigan qushlar bor ekan

* 48-qavatdan pastga qaraganingizda kimning-kimligini bilish imkoniyati o‘ta past. Masalan biror tanishim MTRK Media markazi yonida turgan, deb olsak. Katta ehtimol bilan uni 48-qavatdan turib tanib ololmayman.


* 48-qavatda MobiUz sim-kartasi yaxshi ishlamadi. Ya'ni bu qavat aloqa to‘lqinlaridanda balandroqda.

* Toshkent juda changib ketibdi, 48-qavatdan shahar ustidagi va atrofidagi chang yaqqol namoyon bo‘ldi.


Ikki kun davomida yuqoriga chiqqan bo‘lsam, har ikki kunda ham ko‘rish masofasi chegaralangan edi. Bizga hamrohlik qilgan "Nest one" xodimining aytishicha bahorgi yomg‘irdan keyingi ochiq havoda atrofni ko‘rish chegarasi juda keng bo‘ladi. Hattoki Qozog‘iston hududlari, Chorvoq suv ombori va Amirsoy ham ko‘rinar ekan.


"Nest one"ning 48-qavatida nima qildingiz, deb so‘rasangiz. rahbarimiz Feruz Muhammad "LIFE-COACH" Dee Hanim'dan aynan ana shu manzilda intervyu oldilar. Butun Toshkent kaftdek ko‘rinadigan nuqtada olingan intervyuni YouTubedagi IntervyuTV kanalida tomosha qilishingiz mumkin. Yoningizga popcorn va chips olib-olishni unutmang. Sababi intervyu sal kam 4 soat! 

Ulug‘bek Xudoyberganov  (Ulug‘bek Toshkandiy)

Комментарии