"FeedUp"ga bordim


Reklamada ham gap ko'pda. Biz ko'rayotgan reklamalar agarki sifatli bo'lsa ongimizga ta'sir qilmay qolmaydi. Bunga yaqqol misol men va FeedUp  😂

Kecha, 18-oktabr kuni Akfa Group Feed Up Eco fastfud tarmog‘ining 50% ulushini sotib olgani va FeedUp fastfud tarmog‘i Akfa Group tarkibiga kirgani haqidagi yangilikni o'qib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimda boshqalar bilan bo'lishgan edim.

Bugun, 19-oktabr kuni esa "Taksi" filmining bosh qahramoni Sami Naseri Toshkentda bo'lgan vaqtida suratga tushgan Tashkent index va FeedUp brendlarining reklamasini ko'rdim. 

Kun davomida o'ylab ko'rsam shu vaqtgacha sira FeedUp tarmog'ida taomlanmagan ekanman. Kechki mahal Farxod bozori qarshisidagi FeedUpga bordim. Bundan maqsad birinchi martta ushbu fast-foodda ovqatlanish va nima uchun Ortiqxo'jayev aynan FeedUpni tanlaganiga javob topish edi.



Betaraf ravishda, subyektiv fikrlarim bilan quyida o'rtoqlashib o'taman.

1-Ofistiantlar

Bizdagi barcha fast-foodlar o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish rejimiga o'tib ketgan deb yurardim. Lekin FeedUpda hali ham ofitsiantlar buyurtmani qabul qilib olib, buyurtmani keltirib berar ekan. Yaxshi tomoni buyurtma berish va uni qabul qilish uchun hech qayerga borishingiz shart emas, ikkinchi tomondan inson omili aralashayotgani sabab buyurtma biroz kechikkandek tuyildi. Sababi men buyurtma qilgan lavash kelguncha, undan avval olib kelingan limon choyimni ichib qo'yib bo'ldim.

2-Avval taom keyin pul

Evos, Oq-tepa lavash va MaxWay. Mana shu brendlarning barchasida kassaga borib menyudan taomlar tanlaysiz, to'lov qilasiz va chek olasiz. FeedUpda esa chiqib ketish mahali haq to'lanar ekan. 

3-Qimmat narxlar.

Men FeedUpda lavash buyurtma qildim. FeedUp rasmiy saytida lavash narxi 32 000 so'm ekani ko'rsatilgan. Evos va Oq-tepa lavashda standart lavash narxi 28 000 so'm, MaxWayda 27 000 so'm ko'rsatilgan. Shu 4 000 so'mning o'ziyoq talaba yoki bir navi oylik oladiganlarni chaqib qo'yishi mumkin.

4-Bitta combo.

Ko'p joyda o'zining bir necha xil combo setlari bo'ladi. Masalan bir fri, bir gamburger va bir salqin ichimlik yoki shu kabi. Ammo FeedUpda combo setlar soni bittagina ekan. U ham qimmat. Menyuda yo'q, deganda uch xil setlar bo'lishi kerak deb o'ylayman.

5-Yaxshi mebellar.

FeedUpdagi mebel jihozlari boshqa tarmoqlarga qaraganda hashamatliroq ko'rindi. Men o'qigan universitet Yunusobod S-5 mavzesida joylashgan edi. Aynan ana shu mavzedagi mebel do'konining yumshoq mebellarida o'tirib taomlandim. Dizayn ham zamonaviy va rang-barang edi. Boshqa fast-foodlarda brend rangi asosiy planga chiqadi, jihozlar esa ko'pincha plastmas bo'ladi.

6-Televizor va FeedUp kanali.

FeedUpda televizor bor ekan, afitsiantlar xizmat ko'rsatayotgani uchun u monitor kimning buyurtmasi tayyor bo'lganini emas, balki xonandalarning kliplarini namoyish etar ekan. Qaysi kanalga qo'yib qo'yishibdi?, desangiz FeedUp logotipi tushirilgan play-list ekan. 

7-Yaxshi konditsioner.

Ko'p joyda odamlarning uyida turadigan konditsionerlarni devorlarga osib qo'yilgan holda ko'ramiz. Bu yerda esa tomga qo'yiladigan, to'rt tomonga salqin havo haydaydigan rusumi o'rnatilibdi. 

8-Stolda nimalar bor?

Ko'p brendlarda stollar bo'sh bo'ladi yoki quruq salfetkalar turgan idishga ko'zimiz tushadi. FeedUpda esa narxini aniq bilmadim-ku lekin "Heinz" brendining ketchuplari, tish kovlagich, quruq salfetka, antiseptik gel va chilli sousi stol ustidan joy olgan ekan.

9-Quruqroq lavash.

Lavash deganda tishlaganingizda yog'i sachraydigan yegulik ko'proq ko'z oldimda gavdalanardi. Lekin FeedUpda lavash ozgina yog'sizroq hattoki quruqroq tuyildi. Limon choyimni lavash kelgunicha ichib qo'yganim uchun suvsiz tanavvul qilish vaqtida, ketchupdan qo'shib-qo'shib yedim. Agar ketchup bo'lmaganida menimcha ohiriga borib yutumiga qiynalib qolardim. Aytgancha, lavash biroz sho'rroq ham edi.


10-Katta idishda salqin ichimliklar.

Suratda ko'rib turganingiz va yuqorida o'qiganingizdek men limon choy ichdim, menga hamrohlik qilgan do'stim esa pepsi buyurtma qildi. U katta idishda bo'lsin yoki ikki hissa, degani yo'q, ammo unga 500 grammli idishda pepsi keltirishdi. Boshqa joydagi standart idishlardagi hajm o'rtacha 300 gramm bo'ladi. Ammo limon choy kichik idishda ekan. Tavsiyam choyni ham jonliroq idishga solib beringlar.

11-30 ta filial.

Lavash olib kelingan patnisda FeedUpning barcha filiallari ro'yxati va ularning xaritadagi joylashuvi aks etgan surat bor edi. U ma'lumotga ko'ra FeedUp hozircha 30 ta nuqtada faoliyat olib boryapti. 

* * *

Xullas Jahongir Ortiqxo'jayevni yangi biznes bilan tabriklashimiz mumkin. Yaxshilab mehr berilsa ehtimol FeedUp o'z yo'nalishida O'zbekistonda 1-o'ringa ham chiqib olishi mumkin. Ammo FeedUp hozircha eng xalqchil tarmoq emas, balki KFCga o'xshab ko'proq aristokratlarga mo'ljallangandek.

Комментарии