Dilshod Odilovdan intervyu

 Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi, "Hotel Pro Consulting" asoschisi Dilshod Odilovdan olingan intervyu




Ulug'bek: Besh yulduzli, to'rt yulduzli va uch yulduzli mehmonxona degan tariflarni ko’p eshitamiz. Shu mehmonxonalarning yulduzlari soniga qo’yiladigan talablar haqida batafsil aytib bersangiz

D.O: - Mehmonxonalarning yulduzlilik standarti har bir davlatda oʻzining sharoitidan kelib chiqib qabul qilinadi. Oʻzbekistonda bu 3296:2018 standart bilan belgilangan. Bir davlatdagi uch yulduz mehmonxona boshqa davlatda ikki yoki to'rt yulduzga toʻgʻri kelib qolishi ham mumkin. Masalan, Intercontinental brendining besh yulduz standartida gigienik dush talabi yoʻq. Shu narsasiz besh yulduz Intercontinental mehmonxonasi qurilsa, Oʻzbekiston standarti boʻyicha uch yulduz ham berilmaydi, chunki uch yulduzdan boshlab bizda gigienik dush majburiy qilib belgilangan.

*

Ulug'bek: Hozirgi kunda "Toshkent city" hududida bir nechta mehmonxona bunyod etilmoqda. Mana shu mehmonxonalar qurilishi bitsa shunday katta mehmonxonalar bo’m-bo’sh turib qolmaydimi? Yoki aksincha Toshkentdagi boshqa mehmonxonalar bunday kuchli raqobatga bardosh beraolarmikin?

D.O: - Mehmonxonalar sonining koʻpayishi turist oqimi koʻpayishidan ancha orqada ketmoqda. Buni quyidagi raqamlarda koʻrish mumkin:
2017 yilda mehmonxonalar soni 900 ta atrofida, turist oqimi 2 mln atrofida edi.
2019 yilda mehmonxonalar soni 1200 atrofida boʻlsa, turist oqimi 6.7 million atrofida boʻldi. Bu tendensiya davom etmoqda

*

Ulug'bek: Oldingi nomi “Moskva” bo’lgan Chorsu mehmonxonasi uzoq yillardan buyon yarim vayrona holicha qolmoqda. Hattoki bir so’m qiymatida ham ushbu mehmonxona sotilmayabdi. Bunga sabab nimada? Aslida mana shu mehmonxona bilan qanday holat yuz bergan? Shahar markazida shunday katta binoni na badavlat yurtdoshlarimiz va na chet ellik investorlat olmasligi sababini tushunaolmayman

D.O: - Bu mehmonxonaga katta investitsion majburiyat qoʻyilmoqda. Qoʻyilayotgan investitsion majburiyatga undan yaxshi mehmonxonani yangidan qursa boʻladi.
Mehmonxona avariya ahvolda emas. Toposyomkalari eʼlon qilingan. Binoda muammo yoʻq.

*

Ulug'bek: Biografiyangizda ellikdan ortiq mehmonxonalar ham mu’allifi deyilgan. Qaysi mashhur mehmonxonalarga bevosita egalik qilasiz? Misollar keltiraolasizmi?

D.O: - Biz mehmonxonalarga egalik qilmaymiz. Yangi mehnonxonalardan Simma Hotel Spa & Waterpark, Qushbegi Plaza, Regal Stay, Ark Billur, Michelin, Sato, Gloria kabi mehmonxonalarni sanash mumkin. Toʻliq roʻyxat HotelproUz nomli saytimizda bor.

*

Ulug'bek: Dubayda Atlantis, Burj al Arab kabi arxetekturaviy o’ziga xos mehmonxonalar bor. ularning suratlarini o’ziyoq dunyoga mashhur. Bizda esa asosan qora oynali mehmonxonalar bunyod etiladi. Mutaxasis sifatida sizga qaysi mehmonxonalarimizning tashqi ko’rinishi maqul keladi? Qolaversa mehmonxonaga mehmonlar oqimida mehmonxonaning tashqi ko’rinishi necha foiz ro’l o’ynaydi?

D.O: - Mehmonxonaning tashqi koʻrinishi albatta juda muhim. Siz aytgan mehmonxonalar dunyo miqyosida taniqli arxitektura durdonalari hisoblanadi. Oʻzbekistonda shaxsan oʻzimga Hiltonni tashqi koʻrinishi reklama va zamonaviy texnologiyalarga mosligi jihatidan yoqadi. Bizda bino qurishda maydon iloji boricha yoʻqotilmaydigan variyantlarga qaraladi. Masalan, Parus kabi mehmonxona qurilsa, yuqori qavatlarda ancha xona yoʻqoladi. Tadbirkorlar odatda bunga rozi boʻlishmaydi

*

Ulug'bek: O’zbekistondan ko’pchilik Dubay, Antaliya va Sharm el Sheyka boradi. Dunyo miqyosida bu tendensiya qanday?

D.O: - Dunyo miqyosida geografik joylashuvga qarab sal oʻzgaradi. Masalan, Amerika taraflarning yoʻnalishi boshqa. Oʻzlarining davlati katta) Dubayga, Misrga,Turkiyaga butun dunyodan borishadi

*

Ulug'bek: Turkiyaning poytaxti Anqara, qolaversa Istanbul kabi tarixiy va katta shahari bor, biroq turistlar oqimi bo’yicha Antaliya va Bodrum bemalol mahtana oladi. Antaliya va Bodrumning yutug’i nimada?

D.O: - Antalya va Bodrumning birinchi yutugʻi dengiz, ikkinchi yutugʻi All Inclusive mehmonxonalari. Bizda All Inclusive xizmatlarni yoʻlga qoʻyish qiyin boʻlmoqda. Simma bir harakat qildi, oʻzini oqlamadi. Chunki koʻpchilik boʻlib boshlab, odamlarni oʻrgatilmasa, bu xizmat oʻzini oqlashi qiyin. Koʻp narsa spisat boʻlib ketadi

*

Ulug'bek: Las Vegasdagi mehmonxonalarda boks bo’yicha katta janglar o’tkaziladi. Taysondan tortib Meyveyzerlargacha Mehmonxonalarda tashkil etilgan janglarda ringga ko’tarilishgan. O’zbekiston jahon boks olamida tobora o’z o’rnini mustahkamlamoqda. O’zbekistondagi qaysi mehmonxonalarda boks bo’yicha xalqaro sport musobaqalari o’tkazish mumkin?

D.O: - Oʻzbekiston mehmonxonalarida Las Vegasdagi Mandeley Bay kabi zallar yoʻq. Hyatt mehmonxonasining konferens zalida kichikroq musobaqalar tashkillashtirish mumkin. Lekin unaqa musobaqalar oʻzini oqlamasa kerak

*

Ulug'bek: Ikki yil chamasi avval O’zbekistondagi mehmonxonalarda kozinolar faoliyatiga ruxsat berilishi mumkin degan xabar chiqqan edi. Keyin bu yangilik ko’pchilikning e’tiroziga sabab bo’ldi. Mana shu xabar haqida ma’lumotga egamisiz? Umuman O’zbekiston mehmonxonalarida Las Vegasdagi kabi kozinolar faoliyatiga ruxsat berilsa buning oqibatlari qanday bo’ladi deb o’ylaysiz?

D.O: - Bir mijozimiz juda katta kazinolik mehmonxona ochmoqchi boʻlgan edi. Casino Royaldan ham yaxshiroq qilib quramiz deyishgandi. Ruxsat ola olmadi. Hozircha ruhsat yoʻq.

*

Ulug'bek: Chorvoqda uchta piramida ko’rinishidagi mehmonxona yonginasida oynalari singan, yomon holatdagi foydalanilmaydigan binolar bor. Ana shu binolardan ham unumli foydalanib, tamirlab, turizm maqsadida foydalansa bo’lmaydimi?

D.O: - Albatta boʻladi. Lekin shundoq ham pul kelib turgan joyga yana pul tikadigan tadbirkorlar kam!

*

Ulug'bek: Qushbegi Plazaning ostida tushgan suratingiz bor ekan. Qushbegi Plazaning joylashuvi hatto nuqtada emasmi? Yonida katta qurilishi bitmagan bino mehmonxonani to’sib turadi. Qolaversa mehmonxona shaharning gavjum hududida emas kvartolning ichki yo’nalishida joylashgan.

D.O: - Qushbegi Plaza joylashgan hudud internetdan qarab bron qiladiganlar koʻp tanlaydigan hududlardan hisoblanadi. Oʻsha atrofdagi Royal Mezbon, Qushbegi Plaza kabi mehmonxonalarga Booking dan eng koʻp bron tushadi.

Bugun Qushbegi Plaza mehmonxonasida standart xona qolmagandi. 1-2 ta lyuks xonalari qolgandi. Uyam hozir sotilgan boʻlishi mumkin.

*

Ulug'bek: Hozir ko’plab tashkilotlarda SMM menejerlar faoliyat yuritishadi. Siz qaysi mehkonxonaning SMM mutaxasislariga yuqori baho berasiz?

D.O: - Hilton, Lumiere va Courtyard by Mariott smm chilari ishi yoqadi. Ancha natijalar qilishdi. Koʻp mehmonxonalarda smm oqsaydi. Eskidan bu ishlar marketing boʻlimiga topshirilad edi, haliyam shu shaklda davom etmoqda. Mehmonxona marketing boʻlimi mutaxassisi professional smm chilar kabi ishlay olmaydi baribir

*

Ulugbek: O’zbekistonda qator masjidlar bor. Mana shu bizdagi masjidlar qanchalik islom turizimi uchun hissa qo’sha oladi. O’zbekistonda eng ko’p sayyohni jalb qiladigan masjid qaysi?

D.O: - Toshkentda koʻpchilik turistlar Hasti Imom va Bodomzorga boradi. Lekin haqiqiy musulmon mehmonlar masjid tanlamaydi. Yaqiniga boraveradi

*

Ulug'bek: Grand Mir oldin besh yulduzli edi, keyin to'rt yulduzli bo’lib qoldi. Hozir yana beshta yulduz shakli turadi. Grand Mir asli necha yulduzli mehmonxona?

D.O: - Grand Mir mehmonxonasida 8 yil sotish va marketing boʻlimi menedjeri boʻlganman. Mehmonxona Oʻzbekiston standartlari boʻyicha besh yulduz ola oladi. Lekin hozir to'rt yulduz olgan.

*

Ulug'bek: Nima uchun bizni tarixiy shaharlarimizda Bollywood yoki Hollywood filmlari suratga olinmaydi? Balki o’sha Jeyms Kemeron, Stiven Spilberg yoki Karan Joharga Samarqand-Buxorolarni suratini tashlab berish kerakdir

D.O: - Bu koʻp narsaga bogʻliq deb oʻylayman. Faqat makonni oʻzi bilan chaqira olmasak kerak. Hozirgi texnologayalar bilan yoʻq sayyoralarni yaratib, film olishyapti

*

Ulug'bek: Nima uchun ichan qala yoki registonimiz jahon miqyosida mayli kolizey demayman lekin toji mahal yoki kremldagidek mashhur emas?

D.O: - SMM va piari kuchaytirilsa, ulardan ham mashhur boʻlish mumkin

*

Ulug'bek: SSSR vaqtida Mayk Tayson Moskvaga kelganida Kosmos degan mehmonxonaga joylashtirishganini hujjatli filmda ko’rgan edim. Deylik siz Assotsatdiyada ishlaysiz va Toshkentga kelayotgan Mayk Taysonni kutib olish sizga topshirilgan. Uni qaysi mehmonxonaga joylashtirasiz?

D.O: - Tyson kelsa, Hiltonga joylaymiz)

*

Ulug'bek: Joyi kelganda so’rab olay agar Rossiyalik xonandalar Toshkentga gostrolga kelishsa oldinlari faqat Grand Mirga joylashtirilardi. Keyingi yillarda esa ko’pincha Ichan qalaga joylashishdi. Ichan qala bunga qanday qilib erishgan?

D.O: - Ichan Qalʼa oʻsha artistlarni olib kelgan odamlarniki boʻlgani uchun oʻsha joyga joylangan.

*

Ulug'bek: Kadrlar borasida muammo bor deb aytdingiz. Lekin bir nechta universitetda Turizm fakultetlari bor. Turizmga ixtisoslashgan kollejlar bor. Mana Ipak yo’li universiteti ochildi. Ana shu o’quvchi va talabalar qayoqqa ketishmoqda?

D.O: - Kollejlarda vaziyat juda yomon. Uzun hikoya, tushuntirib berarman biror kun fursat boʻlsa. U yerga qiziqishga koʻra emas, oʻsha atrofda joylashgan maktablardagi bolalar kollejga joylashtirilishi kerak boʻlgani uchun joylanadi. Men bir necha marta ikkala kollejda ham boʻlganman, suhbatlar tashkillashtirganmiz. U yerda turizm sohasida ishlayman deb borgan juda kam. Oʻqituvchilarda amaliy tajriba yoʻq.Toshkent Iqtisodiyot Univesitetida bir necha yil diplom himoyasida komissiya aʼzosi, baʼzi yillari komissiya rayisi boʻlganman. Talabalar saviyasi achinarli edi.Yangi universitetlar hali kadrlarini yetishtirib chiqarishga ulgurgani yoʻq. Yaqin yillarda vaziyat tubdan oʻzgarishiga umid qilaman.

*

Ulug'bek: Xabarim bor 5-6 yil oldin qanday davlat tadbiri, konferensiya yoki biror vazirlik ochiq majlisi bo’lsa Dedeman mehmonxonasida bo’lardi. Hozir Wyndham bo’lgach bu jarayon biroz sustlashdi.O’zi aslida nima uchun Dedemandek omadli va gavjum mehmonxona Wyndhamga o’tib ketdi? va tadbirlarga mezmonlik qilishda qanday qilib Dedeman 1-o’rinda turardi?

D.O: - Whyndham dunyodagi eng katta mehmonxonalar zanjiri hisoblanadi. Mehmonxonalari soni boʻyicha. Dedeman asosan turk brendi. Dedemanning Whyndham ga aylanishi oʻsish deb baholanadi. Tadbirlar masalasida esa, konkurensiya koʻpaydi. Koʻp tadbirlar Hyatt ga oʻtib ketdi. Keyin Hilton qoʼshildi. Forumlar saroyi kabi yana bir qancha muhtasham saroylar paydo boʻldi.

*

Ulug'bek: Ikki yil oldin smartfonlarimizga jamoat xojatxonalarini tashkil eting va soliq imtiyoziga ega bo’ling degan sms juma ko’p marotaba keldi. Shu smslar natija berdimi? Turistlar gavjum liniyalarda shunaqa muammo hozir ham bormi?

D.O: - Natija berdi. Madaniyatli hojatxonalar koʻpayganini turli viloyatlarga sayohat davomida koʻrish mumkin


* * *


- Xudoyberganov Ulug'bek suhbatlashdi

Комментарии