Abiturientlar uchun bundan deylik 10 yil oldingi muhitni yodga oladigan bo'lsam. Ana o'sha yillar men tanigan abiturientlarning ko'pchiligi o'zlari o'qiyotgan maktab yoki boshqa yaxshiroq maktabdagi ingliz tili o'qituvchilaridan darsdan tashqari vaqtda qo'shimcha ta'lim olishardi. Yoki oliygohlarda dars beradigan ingliz tili o'qituvchilari darsdan keyin abiturientlarga o'z uylarida dars o'tishardi. U vaqtda o'quv markazlari hozirgidan ancha kam bo'lib TVda reklamasi ketadigan 3-4ta o'quv markazini nomini bilardik xalos. Tan olish kerak bundan 15,10 hattoki 5 yil ilgari ham talabalik ko'pchilik uchun orzu, muqaddas istak bo'lar edi. Ammo hozirgi kunga kelib talabalik juda ushalmas orzu emas. Agar moddiy imkoniyatingiz bo'lsa bas siz past ball to'plagan bo'lsangiz ham talaba bo'la olasiz. Lekin men bugun aytmoqchi bo'lganlarim superkontraktlar mavzusi emas balki oliygohlar haqida. Hozir nima ko'p? "O'quv markazi" ko'p. Har bir qadamimizda xilma-xil o'quv markazlari ochilib ketdi. 15 yil oldin har bir ko'chada paynet bo'lgan bo'lsa hozir har bir ko'chada o'quv markazlari bor. Ayrim o'quv markazlari eng yaxshi o'quvchilariga "i phone", avtomobil hattoki ikki xonali kvartira ham vada qilish darajasida kuchayib ketdi. O'quv markazlari shu darajada rivojlanib ketdiki ular bugun abiturientlarni oliygohlarga tayyorlash bilan cheklanmay o'zlari ayrim soha va yo'nalishlarda o'qitib, kasbga tayyorlab, o'zlarini rangli printerda chiqarilgan, direktorni imzosi va bir yilga bormay xiralashib, o'chib ketadigan muhri bosilgan sertifikatni berish darajasiga yetib kelishdi.
Mani qonimni qaynatyotgani o'quv markazlari biznesga aylanib ketganligida emas. Balki bemaza qovunning urug'i ko'p bo'ladi degandek ana shu o'quv markazlarini direktorlari chiqib olib:
- Oliy ta'lim bir tingga qimmat,
- Odamda bilim bo'lsa diplomning keragi yo'q,
- Oliygohda to'rt yilda o'rgatadigan narsangizni biz sizga olti oyda o'rgatamiz,
- Ana Bil Geyts ham universitetni tamomlamagan,
- To'rt yil umringizni havoga sovurmang
qabilidagi gaplarni ijtimoiy tarmoqlarda va video portallarga vaysayotganlar bo'lyapti.
O'zi tagini surishtirsangiz ana shu o'quv markazlarini moliyalashtirayotganlar bozorda biror narsani 1 so'mga olib 2 so'mga sotib topgan daromadini yana-da ko'paytirish uchun o'quv markaziga urganlar, oliy ma'lumoti bo'lmagan lekin bir qarich tili bo'lib faqat Bil Geyts, Stiv Jobs va Mark Sukerberklarning gaplarini to'tiqushdek qaytaradigan ish yurituvchi menejerlar bo'lishadi. Dars beradigan nomi qo'shtirnoq ichidagi "Ustoz"lar ham maktabimda u edi, maktabimda bu edi, fan olimpiadasiga direktorimni o'g'li ketib men qolib ketganman, ta'limda korrupsiya deb ikki-uch urunishda ham talaba bo'la olmay shu o'quv markazini sertifikatchasini olgan, kompyuterni internet-kafeda "conter strike" o'ynab o'rganganlar bo'lishadi. Ularning maqsadi ko'proq yoshlarni o'quv markaziga jalb etish. u yerga 3 oylik kursga kelganlarni miyasiga oliy ta'lim kerak emas degan tushunchani uqtirib ana shu yigit yoki qiz 3 emas 6 oy davomida, 6 oy emas bir yil davomida ana shu o'quv markazida o'qishini reja qilishgan xalos. O'quv markazlaridagi birinchi, bepul ochiq darslarga borsangiz faqat ana shu sohada ta'lim beradigan OTM haqidagi g'iybat va bo'htonlarni eshitib qaytasiz.
Masalan Ingliz tilini o'rgatishga moslashgan o'quv markazidagi birinchi bepul ochiq darsga borib qaytgan yoshdan nimalar deyishdi desangiz u: - Eee Jahon tillarida unday ekan, Sharqshunoslikda bunday ekan. U yerda kerak emas narsalarni o'rgatishar ekan, grammatika yo'q ekan. Bu yerda tezlashtirilgan ta'lim ekan, faqat kerakli bilim berilar ekan, IELTSga tayyorlashar ekan degan gaplarni ko'tarib keladi.
O'quv markazlari hozir shunday yo'lga aniqroq aytganda shunday biznesga o'tib olishdiki endi ular globusdan topish qiyin bo'lgan davlatlardagi oliy ta'lim muassasalarini reklamasini boshlab yuborishdi. Bizda IELTSga tayyorlaning va faloncha million so'm to'lab imtihonsiz falon davlatdagi oliygoh talabasiga aylaning.
O'quv markazlaridagi vallomatlarning fikricha oliy ta'lim eskilik sarqiti emish. Bir tasavvur qiling Tankni Mudofa vazirligi akademiyasida o'qigan harbiylar emas o'quv markazi sertifikatini olganlar boshqarsa. Tez tibbiy yordamda yetti yil tibbiyot oliygohida o'qiganlar emas olti oylik med-kurslarda o'qiganlar faoliyat yuritishsa, samolyot uchuvchilari esa haydovchilarni malaka oshirish kursini tamomlagan b kategoriya shofyorlari bo'lishsaya?
Militsiyada esa Ichki Ishlar Akademiyasi bitiruvchilar emas faqat ko'chadagi "Trenajor zal"larida uch oy trener bilan shug'ullangan yigitlar ishlashsa. Agar o'quv markazlarinining rahbarlari tiktok va instagramda chiqib gapirayotgan gaplariga quloq tutsangiz bundanda battarrog'ini tasavvur qilasiz. So'zim yakunida shuni aytmoqchimanki hozir "Birnarsa education" bilan "Nimadir School" ochib olganlar o'zlarini o'quv markazlarini qanday qilib falon so'm to'lab o'qiydigan o'quvchilar bilan to'ldirsak ekan deb uch so'm pul uchun oliy ta'limga balchiq chaplamoqchi bo'lishmoqda. Ular bu yo'l bilan xalqimizga, millatimiz kelajagiga xiyonat qilishmoqda.
Men o'zim "O'zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Komminikatsiyalar Universiteti" uchinchi bosqich talabasiman. Agar siz yuqoridagilar va ularga o'xshaganlarning gaplarini o'qib bu yil nima qilsam ekan? hujjat topshiraymi yoki topshirmaymi degan tanlov ustida turgan bo'lsangiz albatta hujjatlaringizni o'zingizni qiziqtirgan oliy ta'lim muassasasiga topshiring. Mana bugun 21-iyul sizda 22-iyul kuni ham bunga imkoniyat bor. Talabalar butun dunyoda eng katta kuch. Yoshlarning kelajagi esa bu oliy ta'lim. Boshqacha bo'lishi mumkin emas. O'quv markazlaridagilarning ko'pchiligi esa ilm kishilari emas shunchaki chala tadbirkorlar
- Xudoyberganov Ulug'bek (Ulug'bek Toshkandiy)
Комментарии
Отправить комментарий