Ozodbek Nazarbekov: O'zimizni emas jamiyatni va xalqni o'ylashimiz kerak

Bir muncha vaqt ilgari "Xalqaro press klub" suratga olish jarayonidan so'ng O'zJOKU talabalari O'zbekiston respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdan sal kam yarim soat davomida intervyu olgan edik. Ana shu intervyu mening diktafonimga muhrlangan ammo hali matn ko'rinishiga keltirilmagan edi. Bugun ana shu intervyuni yozma shaklda e'tiboringizga havola etaman.

Ozodbek Nazarbekov: Hozirgi kunda biz Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan bir loyiha ustida ishlayapmiz. Bolalarga og'ir bo'lmagan maqom kuylaridan iborat bo'lgan, dutor sozi, nay, g'ichchak, sato, tanbur sozlarida ijro etilgan maqomning yengil-yengil asarlarini bog'chalarda bolalar uxlagan yoki hovlida o'ynagan dam olish paytlarida shu musiqalar bilan kelajak avlodimizni qaysidir ma'noda emlab borishni maqsad qilganmiz. Ma'lumotlarga ko'ra inson yetti-sakkiz, boring ana o'ng yoshigacha qanday musiqa eshitishi borasida qaror qabul qilib bo'ladi va o'sha yo'nalishda 40-50 yoshgacha faqat shunaqa yo'nalishdagi musiqalarni tinglaydi. Demak agar u bolaligida maqom kuylaridan hech qanaqa ma'lumotga ega bo'lmasa talabalik yoshiga yetganida maqom ular uchun og'irlik qiladi. Go'yoki og'ir, eshitishi qiyindek tuyiladi. Hozirgi yoshlarda: - Biz hozir emas ellik yoshdan keyin maqom eshitamiz degan tushuncha bor. Aslida esa unday emas. To'g'ri maqom kuyini eshitish, tahlil qilish qaysidir ma'noda insondan intelekt talab qiladi. Maqom juda katta ilmiy asosga qurilgan san'at yo'nalishi. Uni eshitish uchun yoshlarga maqom haqida tushuncha bo'lishi kerak. Biz birlamchi yechim sifatida maktabgacha ta'lim muassasalarida maqom maktabini joriy eta olsak. Masalan kichik mobil ilovalarini ishlab chiqarish va u yerda yengil-yengil tushuntirishlar berish, maqom o'zi nima? nimaga asoslangan? qanday ilmiy ishlar qilingan? kabi savollarning xulosalarini ana shu mobil ilovada berib borishni rejalashtirmoqdamiz. Bir narsani biz yaxshi tushunishimiz kerak, bizni milliy qadriyatlarimizni milliy qadriyat o'laroq qabul qilmas ekkanmiz, hozirgi munosabat bunday muammolarni yechib bera olmaydi. Toki o'zimizda milliy g'urur shakllanib, milliy qadriyatlarimiz biz uchun muqaddas, bu mening yuzim, bu mening shaklim, bu mening millat o'laroq rangim, mana shular bilan men boshqa millatlardan farq qilaman degan bir g'urur shakllanmas ekan bu narsalar qadrlanmaydi va ikkilamchi bo'lib qolaveradi. To'g'ri biz rivojlangan davlatlarga havas bilan qaraymiz, ularni bugungi erishgan yutuqlarini hurmat qilamiz lekin yana bir narsani tan olish kerakki o'zim shuni uddalayman, men o'zim qilishim kerak shu narsalarni. Biz ergashuvchi emas ergashtiruvchi millatga aylanishimiz kerak. Bu renessansdan murod shu o'zi. Biz yer yuzini yetakchi xalqiga aylanmoqchimiz, renessansdan maqsad shu, uchinchi uyg'onish davri, taraqqiyot davrida biz yetakchi bo'lishni maqsad qilib qo'ymoqdamiz. Butun dunyoga yetakchi xalq bo'lish. Buni ortida juda katta kashfiyotlar, juda katta yangi bosqichlar, yangi ufqlar, yangi natijalarni ta'minlaydigan yagona narsa bu ilm, bugun shunga poydevor qilib qo'yilmoqda. Albatta bu besh yilda, o'ng yilda o'z natijasini ko'rsatmaydi. Ehtimol ellik yoki sakson yildan keyin o'z natijasini ko'rsatar. Lekin shu poydevor qurilishida daxldor ekkanligimizni his qilish va bundan sharaf hisini tuyish eng muhim narsa.


Savol: 2021 yil — Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili deb e’lon qilindi. Siz madaniyat vaziri sifatida yoshlarga bu imkoniyatdan to'liq foydalanish uchun qanday maslahat bergan bo'lardingiz?

Ozodbek Nazarbekov: Yoshlar muhim obyekt sifatida, xalqimizni muhim qatlami sifatida kun tartibidan hech qachon tushmaydi. Tushunki aholimizning 60% qismi yoshlardan iborat va kelajakda bu ko'rsatgich yanada oshishi kutilmoqda. Shuning uchun yoshlar nafaqat bugun balki har qachon bu imkoniyatlardan foydalanishi kerak. Men o'ylaymanki bir inson dunyoga kelishi, unga hayot berilishini o'zi katta imkoniyat. Oldiga biror bir maqsad qo'ygan odam uchun, aniq reja olgan odam uchun bironta kamchilik, to'siq yoki muammo o'z rejalarini amalga oshirishi uchun to'g'onoq bo'lmasligi kerak. Buning uchun yoshlar marrani yuqori olib, avvalo o'z kuchiga ishonib, sabr-toqat bilan o'sha marraga yetib borish uchun qanaqa imkoniyat bo'lsa hammasidan foydalanishi kerak. Eng muhimi o'z oldiga muqaddas marrani qo'ya bilishi kerak. Katta marrani qo'ya olgan odam kimdir menga yordam berishi kerak, qo'llab-quvvatlashi kerak, bo'lmasa bu amalga oshmaydi deyishi mutlaqo no to'g'ri bo'ladi. Lekin bugun davlat yordam berayotganlikini bonus deb qabul qilishlari kerak. Yoshlar avvalo birinchi navbatda o'ziga ishonishi kerak, hech narsaga suyanmasdan men mana shu marraga erishaman. Bunda eng avvalo o'zimning qolaversa jamiyatning manfaati turibdi deyishi kerak. O'zingiz tasavvur qilib ko'ring bugun jamiyatimiz taraqqiy topsa, bugun O'zbekistonimiz gullab yashnasa biz nima yutqazamiz ? hech narsa yutqazmaymiz. Insoniyat bor ekanki farzandini kelajagi uchun barcha say-harakatlari, resurslarini sarflaydi. Biz bugun o'zimizning farzandlarimiz bilan emas jamiyat o'laroq harakat qiladigan bo'lsak, mening ham, sizning ham hammaning ham oilasi ta'minlanadi. Bugun agar men faqat o'zimni o'ylab, o'zim uchun harakat qilsam to'g'ri mening o'zimning oilam ta'minlanishi mumkin, kelajakda farovon hayot kechirish uchun imkoniyatlarlar bo'lishi mumkin. Lekin u qancha davom etadi? nechta avlod davom etadi? Ertangi kunda oqibati nima bilan tugaydi? Bu savollarni yechimi yo'q lekin jamiyat o'laroq biz birlashgan holda umuman kichik oilamga qilishim kerak degan tushunchani xalqimga, jamiyatimni taraqqiy topishiga xizmat qilishim kerak degan maqsad bilan intiladigan bo'lsak natijaga erishamiz. Prezidentimiz bu yilni yoshlar yili deb e'lon qilishlari, yoshlarga yaratilayotgan juda katta imkoniyatdir. Bunday imkoniyatlardan foydalana olmaslik kechirasizlarku qaysidir ma'noda ahmoqlik bo'ladi. Buni boshqacha baholab bo'lmaydi, shuning uchun hamma imkoniyatlardan foydalaning. Lekin yana bir narsa aytaman, ijtimoiy tarmoqlarda ko'ryapsizlar-kuzatyapsizlar umuman mana shu boqimandachilik kayfiyati yo'q emas. Jamiyatda menga davlat qilib berishi kerak degan fikr bor. Eng taraqqiy etgan davlatlarga qarang, hamma o'zi uchun harakat qiladi, mehnat qiladi, ilm oladi ana undan keyin borib o'zining bilimiga yarasha unga sharoit qilib beriladi. Mana senga ish, oylik, ofis deb. Lekin hech qayerda o'zi harakat qilmagan bolaning qulog'idan tortib chiqib mana bu yerda ishla demaydi, Bunda mantiq ham yo'q. Inson agar o'zi uchun harakat qilmayotgan bo'lsa nima uchun boshqalar harakat qilishi kerak? Shuning uchun doim aytadigan gapimni yana aytaman, insonni o'ziga-o'zi yordam berganichalik unga hech kim yordam bera olmaydi. Qachonki odamzod o'ziga-o'zi men o'zimni rivojlantirishim kerak, o'zimga yordam berishim kerak desagina natija bo'ladi. Tasavvur qiling siz o'zingizga yordam bergingiz kelmasa nima bo'ladi? Mana masalan mening oldimga ko'p shogirdlar keladi, xonanda bo'lmoqchiman, katta san'atkor bo'lmoqchiman menga yordam bering deyishadi. Mana senga uchta badiiy asar, senga uch oy muhlat. Shuni o'qib kelasan shu badiiy asar yuzasidan suhbat qilamiz, kerak bo'lsa savol-javob qilamiz, men so'rayman deyman. Ulardan 80% qismi qaytib kelmaydi. Ba'zilari joyida savol beradi men yozuvchi emas xonanda bo'lmoqchiman. Buni nima daxli bor menga deyishadi. Shundan keyin men tushuntirishga harakat qilaman, ishoninglar ulardan 1% qismigina buni qabul qilib sinovdan o'tadi. Demak qolganlar o'ziga-o'zi yordam bergisi kelmayabdiku nimaga men ularga yordam berishim kerak. Men tajribali, mana shu ko'chalarni bosib o'tgan inson sifatida uning kelajagi uchun uning oldiga mas'uliyat qo'yaman, mana shunaqa qilsang, mana shu yo'ldan yursang sen o'ylagan maqsadingga erishasan demoqdaman lekin u bunday mashaqqatli yo'lni hohlamayabdi. Ular bugun mening oldimga kelsa, yonimda yursa, qo'shiqlarini yozib-kliplarini olib bersam va sahnaga olib chiqib qo'ysam u ertagayoq yulduz bo'lsa, hamma uni tanisa, darajaga erishsa bo'ldi. Uning maqsadi shu, u juda oson yo'l bilan erishmoqchi lekin mening hayotiy tajribamdan kelib chiqadigan bo'lsam menda o'zini oqlagan tajriba bor va men o'sha tajribani taklif etmoqdaman. Lekin u buni qabul qilmayabdi, sababi bu yerda mashaqqat bor. Shuning uchun aytaman inson avvalo o'ziga-o'zi yordam bersa, o'zini qadrlasa eng avvalo eng samimiy yordam beradigan men o'zimman desagina uning orzu-maqsadlari qaysidir ma'noda ro'yobga chiqishi mumkin va katta o'zgarishlar qila olishi mumkin.


Savol: O'zbekiston san'ati va madaniyatining besh yil oldingi holati haqida fikr bildirsangiz va besh yil keyingi holati haqida tasavvuringiz qanday?

Ozodbek Nazarbekov: San'at-madaniyatimizning besh yil oldingi holati "Madaniyat vazirligi" faqatgina sahnalarda, konsert-tomoshalardan iborat degan tushuncha shakllangan edi, madaniyat xodimlarini o'zi ham bunga rozi edi. Besh yil oldingi holatda nima bo'lgan edi deydigan bo'lsak qo'shiqchilik san'ati juda ham oson pul topadigan kasb sifatida, yengil qarashlar shakllanib qolgan edi. Ya'ni ko'chadan sahnaga oddiy va oson formula amalda edi. Bunaqa xonandalar ham jamiyatda juda ko'payib ketgan edi. Ko'chadan to'g'ri sahnaga chiqib hech qanday tushuncha, bilim, ko'nikma yo'q holatda faqatgina Hudo bergan ovoz bilan juda katta millionlarni orqasidan ergashtirayotgan obyektga aylangan edi. Ularni o'zlarini tutishlarida, jamiyat orasidagi muomilasida, intelektida, dunyo qarashida, fikr yuritishlarida juda katta nuqsonlar borligini mana bugun ko'ryapmiz. Shuning uchun san'atimizning holati mana shunaqa yengil qaralishiga, san'at ahlini jamiyat orasida obro'sini tushurib yuborishiga olib keldi. Bu bilimsiz, saviyasiz insonlar shug'ullanadigan sohaga aylanib qoldi. Jamiyatning tushunchasida shunaqa fikr paydo bo'ldi. Buning oqibatida bugun kadrlar tanqisligi yuzaga keldi. Hozir juda katta masala, muammo turibdiki bu ham bo'lsa hozir kadrlar tanqis. Bu sohada olimlar juda kamayib ketdi. Boshqa misollar ham bor masalan umuman ilm qilishga e'tibor qaratilmaganligi, ilm bilan shug'ullanganlarning rag'batlantirilmaganligi mana shu kabi bir necha omillar san'atning nufuzini, mag'zini zararladi. Mana endi oldimizga qo'yilayotgan vazifalar, hurmatli prezidentimizning topshiriqlari va umuman bugungi siyosatimizni o'z oldiga qo'ygan maqsadi shuni ma'lum qilmoqdaki madaniyat va san'at yo'nalishida ilm bilan shug'ullanish, olimlarni ko'paytirish sohani tubdan isloh qilib jonlantirish bizga qo'yilgan vazifa. Bu barchasi ikki-uch yilda katta natija ko'rsatmaydi. Bugungi islohotlarning, birinchi qadamlarni mevalari siz aytayotgan besh yildan keyin o'zini natijasini ko'rsatadi. Kadrlar tanqisligini hal bo'lishi, ilmga asoslangan kadrlarni shakllanishiga hozirdan amalga oshirilayotgan islohot va rejalar natijalari. Besh yildan keyin san'at-madaniyat yo'nalishida ham revolyutsion yutuqlarga erishishni maqsad qilganmiz


Yozib oldi: - Xudoyberganov Ulug'bek

Комментарии