Faxrlanish hissi



Hammasini eng boshidan, uzoq o'tmishdan boshlamoqchiman. Hali maktabga ham chiqmagan vaqtim taxminan 2002-2003-yillarda hozirgi "Humo arena"ning o'rnidagi beshyog'och mahallasiga xolamlarnikiga borganimda televizor orqali kichik tog'amni ko'rganman. Qandaydir davlat tadbirida jamlangan yuzlab odamlar orasida aynan tog'amni yirik planda ko'rsatishgan edi. "Qaranglar tog'am" deganim hali ham yodimda. Bu qarindoshlarimizdan kimnidir birinchi marotaba televizor orqali ko'rishim edi. Undan keyin tahminan 2005 yoki 2006-yilda xolamning katta o'g'li xonadonini O'zbekiston telekanalidagi "Assalom O'zbekiston" dasturidagi "Baxtli oila" yoki "Mustahkam oila" mavzusidagi ko'rsatuvda namoyish etishgan edi.

Kelinoyimning kelin salom qilganlari, mehmonlarga choy uzatayotganlari, oila a'zolari dasturxon atrofida jamuljam bo'lib suhbatlashib o'tirishlari va intervyular sanoqli daqiqalar ichida ko'rsatilgan edi.

Bu epizodlar yodimda qolgani bejiz emas, sababi u vaqtlarda odamlar tugmachali g'isht telefonlar tutishar edi, shunda ham ko'pchilikda telefon bo'lmas edi, smartfonlar hali yaralmagan, internetga faqat katta oq kompyuterlardan kirish mumkin bo'lgan bir davrda jamiyatda televizorlar eng ommabop axborot olish vositasi edi. Boshqacharoq aytganda hamma televizor ko'rardi.
Endi esa sizlarga yana ikkita kichik voqeani aytib bermoqchiman:

BIRINCHI VOQEA: 2013-yilning sentabr oyida 2-Toshkent Yuridik Kollejida ustozimiz birinchi prezidentimiz Islom Karimov bosib o'tgan hayot yo'li, Islom Karimov Samarqand shahrida o'qigan maktab haqida uzoq vaqt so'z yuritib o'z so'zlaridan o'zlari juda to'lqinlanib ketdilar shekilli: - Kim biladi deysizlar, balki sizdek yosh yuristlar orasida bo'lajak O'zbekistonning bosh vaziri, bo'lajak bosh prokurorlar o'tirishgandir. Balki siz bilan bir xonada tahsil olgan kursdoshingiz kuni kelib adlya vaziri yoki oliy sud raisi bo'lar! deb aytgan edilar.

IKKINCHI VOQEA: Aynan 2-Toshkent Yuridik Kollejida ko'p hollarda birinchi juftlikdagi darsimiz o'quvchilarning siyosiy yangiliklar aytishidan boshlanar edi. Kunlardan bir kun men bir kun avval internetda o'qib daftarimni bir chetiga yozib olgan yangiligimni o'qib berdim. U yangilikda Navoiy viloyatining qaysidir tumaniga yangi prokuror tayinlangani va ana shu prokurorning ism-sharifi, tug'ilgan yili va Toshkent Yuridik Universitetini nechanchi yilda tamomlaganligi yozilgan edi. Shu yangilikni o'qib berar ekanman ustozimizning kayfiyati ko'tarilib ketdi: - Axir bu mening universitetdagi kursdoshimku. Qanday ajoyib, ana shu vaqtdayoq u kuni kelib shunday katta yutuqlarga erishishini his qilgan edim dedilar. Talabalik yillaridagi kursdoshlari bilan bo'lgan bir yoki ikkita qiziq voqealarni kursdoshlaridan faxrlangancha aytib ham bergan edilar.

O'tmishdan bugungi kunga qaytsak. Yaqindagina men "O'zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti"ning 1-kursini tamomlab 2-kursga ham qadam qo'ydim. Nafaqat men balki barcha sessiya imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tgan talabalar bir kursga ulg'ayishdi. Vaqt juda tez o'tibdi, nazarimda kechagina o'qishga kirgandekmiz. Vaqt oliy hakam deb bejiz aytishmas ekan. Karantin vaqtida o'tgan bir yilni sarhisob qilish uchun ham vaqt yetarli bo'ldi. O'tgan bir yilda avvalo kursdoshlarim qolaversa men bilan bir universitetda ta'lim olayotgan universitetdoshlarimizni natijalarini ko'rib juda ham xursand bo'lmoqdaman.

Imkon qadar barcha tarmoqlar orqali universitetdoshlarimizning ijodlarini kuzatishga maksimal darajada harakat qilaman. Deylik O'zMUning jurnalistika yoki O'zDJTUning xalqaro jurnalistika yo'nalishlarida ta'lim olayotgan talabalarning natijalarini ko'rib havas qilishim mumkin. Ammo O'zJOKU talabalari yozgan maqola gazetada e'lon qilinsa, radio to'lqinlari orqali ularni ovozlarini eshitsam va ayniqsa universitetdoshimni televizorda ko'rsam ularga nafaqat havas qilaman balki sizlar bilan faxrlanaman.

Fursatdan foydalanib ushbu maqolamni o'qiyotgan barcha O'zJOKUda ta'lim olayotgan universitetdoshlarimga ijodiy muvaffaqiyat tilagan holda shuni aytishni xohlardimki siz erishayotgan yutuqlar bilan nafaqat sizning ota-onangiz, oila a'zolaringiz yoki ustozlaringiz balki siz bilan bir oliygohda ta'lim olayotgan men kabi universitetdoshlaringiz ham faxrlanishadi.

Xudoyberganov Ulug'bek (Ulugbek Toshkandiy)

Комментарии