Jurnalistlik qismati!



Super va Giper kontraktlar bo‘lmagan davrlarda oliygohlarga o‘qishga kirish ushalishi juda qiyin va mushkul bo‘lgan orzu bo‘lar edi.Boshlang‘ich va o‘rta taʼlimda yomondan yaxshi, deylik o‘rtacha taʼlim olgan yigit-qizlar uchun ham talabalik baxtiga erishish bir umrlik armon bo‘lib qolish ehtimoli ham yo‘q emas edi.
Ayrim insonlar 5yil, 7yil va hattoki 10yil deganda talabalik baxtiga erishganlari haqidagi xabarlarni ham eshitganmiz. Yoki xuddi shuni aksi prinsipial ravishda 10yil bitta oliygohga topshirib o‘qishga kiraolmaganlar haqida ham eshitganmiz.
Mening hayotimdagi oliygohlar degan sahifa 2017 yilda ochilgan. Men jurnalist bo‘laman degan qaror bilan hujjatlarimni oliygohga topshirishga shay bo‘lgan bo‘lsamda O‘zbekiston milliy unversitetidagi jurnalistika yo‘nalishini tanlasammikan yoki O‘zbekiston Davlat Jahon Tillari Universitetining xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga tanlasammikin deb uzoq o‘ylaganman.
Maslahatlasha-maslahatlasha hujjatlarimni topshirish uchun O‘zDJTUga borganman. O‘zDJTU juda ham katta oliygoh bo‘lib Uchtepa tumanidagi katta oq bino, xalq tilidagi «Literaturniy» binosi va Muqimiy ko‘chadagi g‘ishtin binolar bitta oliygohga qarashli edi. Barcha ijodiy imtihonlarni topshirish va DTM qog‘ozini olish uchun «Literaturniy»ga borgan bo‘lsak, 1 avgustdagi imtihonni topshirish uchun katta oqbinoga, imtihon javoblarini bilish uchun esa yana «Literaturniy»ga borgan edik. Achinarlisi o‘shanda ko‘rganim viloyatlardan kelib xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga hujjatlarini topshirgan ko‘plab-yigit qizlar ana o‘shanda nihoyatda qiynalishgan edi. U yerlarda metro bo‘lmagani uchun ancha sarson bo‘lishgan, taksichilar ulardan ortiqcha pul undirgan, avtobuslarda esa adashishgan edi.
Yana bir holat asosiy yo‘nalishi xorijiy tillardan taʼlim berishga ixtisoslashgan katta oliygohda jurnalistika 20ga yaqin fakultetlar ichidagi bor yo‘g‘i bitta fakultet edi xalos. O‘zMUda esa ahvol yana-da og‘irroq edi u yerda 50ga yaqin yo'nalishlar bo‘lib jurnalistika u yerda ham yumshoqroq qilib aytganda bir fakultetcha edi. Ana o‘shanda nima uchun shuncha yillardan buyon jurnalistika sohasiga jiddiy eʼtibor qaratilmayabdi? nima uchun O‘zbekistondagi OAV sohasining kelajagi hisoblangan yoshlar turli xil oliygohlardagi kichik bir fakultetlarda o'qib yuribdi? nima uchun jurnalistlar uchun mustaqillik yillarida alohida oliygoh tashkil etilmagan? degan savollar menga tinchlik bermagan.
O‘ylashimcha bu mustaqillikgacha bo‘lgan sobiq ittifoqning totalitar siyosati davridagi OAVni bo‘g‘ish, uni bir tizginda ushlab turish maqsadidagi siyosatning natijasi va uning mustaqillikdan keyingi asorati edi nazarimda. Shu hayollar bilan yurgan vaqtimda ming afsuslar bo‘lsinki 2017 yilning avgust oyida men O‘zDJTUning xalqaro jurnalistika yo‘nalishiga o‘qishga kirolmaganman. Imtihon javoblari taxtachasi qarshisida turar ekanman ko‘zim yig‘lamagan bo‘lsada qalbimdagi yosh bilan uyga qaytgan edim. Eng alam qilarlisi menda 107mln so‘m to‘lov qilib super-kontraktda o‘qishingiz mumkin deyishgan. Ammo men bu imkoniyatdan voz kechganman.
2018 yilda muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklif va tashabbuslari bilan barcha O‘zbekistonlik jurnalistlar, OAV xodimlari, ziyolilarni qolaversa meni quvontirgan qaror qabul qilindi. "O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti" tashkil etildi. 2018 yil men bir yil kutgan kun yetib kelgan edi. O‘zJOKUda qabul jarayonlari boshlangan bo‘lib abituriyentlar uchun barchasi Toshkentdagi Inha universiteti binosida tashkil etilgan edi. Ana o‘shanda hujjatlarni topshirish, ijodiy imtihon jarayonlarida barcha abituriyentlar uchun hamma sharoitlar yaratilgan bir holatda imtihonlardan o‘tganmiz.Ammo omad kelmasa qiyin ekan, ijodiy imtihonlardan har qancha muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsamda testda ana o‘sha omad kelmagan edi. Talabalik menga yana bir yilga armon bo‘ldi.
2019 yilda esa mening atrofimdagi barcha meni boshqa bir oddiyroq, deylik kirish ballari pastroq bo‘lgan oliygohga hujjatlarimni topshirishimga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi. Ammo men maqsadimdan og‘ishmadim. O‘z qarorimni o‘zgartirmadim. Men o‘z kelajagimni faqat jurnalistika sohasida ko‘rdim. Jurnalistlik bu kasb emas mening qismatim edi.
2019 yilda hujjatlarimni topshirish uchun O‘zJOKU binosiga kelar ekanman HUDOdan o‘zi madat berishini, OLLOHning o‘zi qo‘llab-quvvatlashini so‘ragan edim. Ro‘yxatdan o‘tgan kunim, ijodiy imtihonlardan avvalgi seminar bo‘lgan kunlari, suhbatdan o‘tgan kunimiz va esse yozib chiqqan kunlarimiz sira universitetdan ketgim kelmagan. Keyin esa belgilangan kuni test ham topshirdim. Eng og‘iri esa imtihon javoblarini kutish bo‘lgan. Qalban talaba bo‘lishni har qancha xohlamay ruhan bu yil ham kirolmagan bo‘lsama degan xayol menga aslo tinchlik bermagan va nihoyat imtihon javoblari eʼlon qilingan kuni o‘z smartfonimdan online ravishta natijalarni bilish uchun maʼlumotlarimni kiritganman va «Grand» asosida o‘qishga qabul qilinganimni bilganimda quvonchdan o‘z-o‘zimga sig‘maganman. Osmoni musaffo tinch yurtda yashamoqdamiz, ming shukurlar bo‘lsinki hayotimizda yaxshi kunlar ko‘p biroq bundayin darajadagi xursandchilik va baxtdan masrur bo‘lish bir inson hayoti davomida sanoqli ravishda bo‘lsa kerak. Ana shu vaqtdagi mening hissiyotlarim, hayajonimni so‘zlar bilan taʼriflab bo‘lmaydi u jarayonni shunchaki his etmoqlik kerak.
Men O‘zJOKU talabasi ekkanligimdan faxrlanaman, qayerda tahsil olasiz deyishsa "O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti"da deb javob beraman. Universitetimiz nomini to‘liq aytishga sira erinmayman. Bu universitet prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saʼyi-harakatlari, ularning ishonchlari asnosida tashkil etilganligini bilaman va men o‘zimni Prezident universitetida o‘qiyman deb hisoblayman.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z intervyularida Jurnalistika universitetini tashkil etganliklari haqida aytib biz talabalardan kelajakda ko‘p narsa kutayotganliklarini alohida taʼkidlab o‘tdilar. Men prezidentimiz ishonchini oqlash uchun ham o‘z kasbimni ustasi bo‘lishni xohlayman va bu yo‘lda har qancha mehnatdan aslo qaytmayman.
Shuningdek so‘zim yakunida o‘z kursdoshlarim haqida ham ikki og‘iz aytib o‘tmoqchiman, mening kursdoshlarim butun O‘zbekiston oliy talim tizimidagi eng yaxshi, eng sara talabalar deb hisoblayman. Agar taqdir gardishi aylanib vaqt ortga qaytguvdek bo‘lsa ham kursdoshlarim bilan bugungidek bir dargohda, birgalikda tahsil olish maqsadida aynan 2019 yilgi qabul jarayonini kutgan bo‘lardim. Biz kamchilik emasmiz, zero men bilan birgalikda teleradio jurnalistika yo‘nalishida 44ta talaba tahsil olamiz. Shu 44ta talaba bir dargohda tahsil olishimiz, bir auditoriyada bo‘lishimiz, dunyo yangiliklari bilan bo‘lishgan holatda, turli mavzularda bahs-munozaralar yuritishimiz. Bir so‘z bilan aytganda kursdosh bo‘lishimiz bu OLLOHning o‘zi bizning taqdirimizga yozgan bir neʼmati deb bilaman.
Hozirgi karantin sharoitida 1-kursni to‘laqonli birgalikda, universitetimizda o‘qiy olmagan bo‘lsakda kelajakda biz jurnalistika sohasida katta zafarlarga erishishimizga, bir umrga ajralmas do‘stlar bo‘lib qolishimizga ishonaman.

Xudoyberganov Ulug‘bek (Ulug'bek Toshkandiy)

Комментарии