Har qanday qizning o'z bahosi bo'ladi (nazariya)

Dunyoda shunday narsalar va tuyg‘ular borki, ularni pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi va ularni baholash ham, tabiiyki, ma'nosiz hisoblanadi. Bunga misol keltiradigan bo'lsak, sevgi, ishonch, mehr-muhabbat va hokazo shular jumlasidandir.

Yana ayrim tuyg‘ular, narsalar va holatlar borki ularni sotib olish yoki erishishni moddiy imkoniyatlari borligi haqida mantiqiy, falsafiy nuqtai nazardan tortishish mumkin.

O'ylashimcha, hurmat, obro'-e'tibor hattoki sog‘likni ham pul va moddiy boyliklar evaziga sotib olish mumkin.

Men bir nazariyani o‘ylab qoldim, siz ham hech o‘ylab ko‘rganmisiz har bir qizning o‘z bahosi, narx-navosi bo‘lishi haqida ? XXI asr, bugungi kunga kelib ana o‘sha falsafiy, mantiqiy va real nuqtai nazarlardan olib qaraganda hattoki qiz bolalarni ham baholash mumkin bo‘lib qolibdi.

Noto‘g‘ri tushunmang gap ko‘chalardagi, xilvatlardagi yengil tabiat qizlari haqida ketayotgani yo‘q. Rostmana iboli-hayoli qizlar haqida ketmoqda.

Qiz bolaning bahosi bo‘lishi u qiz uchun falon pul berib ega chiqish emas balki “To‘y“ gacha bo‘lgan va ana shu qiz uchun sarflangan jamiyki xarajatlar yig‘indisidir.

Qiz bola har qancha odobli, ahloqli, tarbiya ko‘rgan bo‘lmasin, ming farishdek bo‘lsa ham, baribir uning ham o‘z bahosi bo‘lar ekan. Ushbu fikrlarimni asoslashga urinib ko'raman va uch xil ko‘rinishdagi misolni keltirib o‘taman.

Bular; Qimmat, o‘rtacha va arzon toifadagi qizlar deylik...

- Qimmatbaho qiz: Toshkentning eng chiroyli qizlaridan biri. Go‘zallikda tengi yo'q bu qizni o‘ziga to‘q, boyvachcha yigit qayerdadir uchratdi va sevib qoldi deb olaylik. Zukko yigit hech bo‘lmaganda bu vaziyatda qizni telefon raqamini olishni uddasidan chiqadi.

U yigit, qiz bilan gaplashib yurish davomida, sovchi yuborib qizni roziligini olguniga qadar;

1000$ lik - iPhone X, 100$ lik - Atir, 50$ lik - shokolad, 10$ lik guldan besh marotaba sovg‘a qildi va o‘n marotaba qizni restoranga taklif etib har safar 25$dan to‘ladi. Bir safar butikdan shohona oqshom libosini 200$ga olib berdi deylik.

Ana shundan so‘ng yigit qizga sovchi qo‘ydi va qiz rozi bo‘ldi. Qizni orzusidagidek to‘y uchun yigit o‘z cho‘ntagidan 5000$ xarajat qildi deylik. - Jami: 6650$

- O‘rtamiyona qiz: Toshkentdagi o‘rtahol oiladagi xush bichim qizni bir yigit sovchilar orqali topdi va uchrashuvga chiqqishganida yigit qizga 10$lik gul sovg‘a qildi, restoranga borib 20$lik hisobni to‘ladi, keyingi uchrashuvlarida kinoga borishdi, park aylanishdi va yana 50$ga tushdi. Qiz to‘yga rozilik berganidan so‘ng tilla uzuk (подарка), qalin puli, sut puli bilan yana 1000$ ketdi va to‘y bo‘ldi deylik.

Ana shu yigit qizga yetishishi uchun qilgan xarajatlarini qo‘shganda - Jami: 1080$

- Toshkentdagi oddiy bir oilaning oddiy qizi: Ana boring bu qizni ham kuyov bo‘lmish sovchilar orqali topdi, uchrashuvga chiqishganlarida yigit ikkita muzqaymoqni 1$ga oldi, keyingi uchrashuvlarida kinoga borishdi va chiptaga 2$ sarfladi, qizni kuzatib qo‘yayotganida yana 1$ taksiga to‘lab yubordi. Shu bilan to‘ygacha qalin hisobida 200$ berdi deylik.

Yigitning oilasidagilar to‘yi uchun sarflagan pullarini hisobga olmaymiz.

Bu holatda yigit bir oddiy oilaning ne orzu-umidlar bilan voyaga yetkazgan qizi uchun... Jami: 204$ sarflagan bo‘lib chiqmoqda.

Obyektiv olib qaralganida shu pullar evaziga shu qizlar sotib olinmoqda deyish ham mumkinmi ?

Bu nazariyaning nisbiy tomonlari ham juda ko‘p

Avvalo to‘y uchun qilingan xarajat mening fikrimcha qiz uchun sarflangan pullar qatoriga kirmaydi. Agar qizning qandaydir xohishi asosida to‘y yoki to‘yxona uchun qo‘shimcha chiqimlar bo‘lsagina u qiz uchun sarflangan pullar miqdoriga tasir qiladi deb o‘ylayman,

Yana bir nisbiy holat. Misol uchun yigit qiz bilan uchrashuvga chiqishi oldidan o‘zini tartibga keltirib, o‘zi uchun yangi ko‘ylak, shim, tufli va soat sotib olsayu uchrashuv vaqtida qiz yigitni ust-boshiga qarab kiyim-kechagi, tashqi ko‘rinishi ma’qul kelib yigitga turmushga chiqishga rozilik bersa bu bir vaqtni o‘zida ana shu qizga yoqish uchun qilingan xarajat bo‘lsa ham ana shu narsalarning bari yigitning o‘zida qoladi.

Keyin ayrim nasiya holatlar ham bo‘lishi mumkin ekan. Misol uchun: - Jonim to‘ydan keyin man sizga o‘zim Spark yoki Nexia-3 olib beraman. Yoki - O‘zim sizni o‘qishga olib ko‘rib qo‘yaman.
- Kontraktingizni o‘zim to‘layman degan gaplar ham kelasi zamon fe’lida aytilgan so‘zlar bo‘lib qisman to‘ygacha bo‘lgan xarajat va yana qisman to‘ydan keyin er o‘z rafiqasi uchun qilgan xarajatlar qatoriga kiradi.

Qiz bolaga uylanish yo‘lidagi xarajatlar bilan to‘ydan keyingi xarajatlarni bir-biriga qorishtirish, aralashtirish, solishtirish degan tushunchalar esa menimcha xato. Sababi to‘ydan oldin uchrashuvga chiqilganida qizga olib berilgan lavashni qiz bola uchun sarflangan pul deyish mumkindir ammo to‘ydan keyin er o‘z umr yo‘ldoshi boshi qorong‘i bo‘lganida xotini vujudidagi o‘z zurriyoti uchun olib kelib bergan lavashi bu boshqa-boshqa narsalar.

Men tan olib aytmoqchi bo‘lgan haqiqatim shundan iboratki bugunga kelib yigitlar qizlarni ochiqchasiga sotib olmoqdalar. Turli xil sovg‘a salomlar, pul, boylik, mansab, obro‘-e’tibor va yana pul, pul, pul.

Sevgi va muhabbat esa qisman chetga surilmoqda. Oilalar bunyod bo‘lishida ba’zida ikki oilaning ijtimoiy mavqeyi, ularning obro‘-e’tibori, o‘zaro manfaatlar va ba’zida esa yuqoridagi elementar narsalar gul, atir, shokolad, yumshoq o'yinchoq va tilla buyumlar rol o‘ynamoqda.

Qizlarni bilmadim lekin yigitlar ko‘p holatlarda qizning go‘zalligi va chiroyi uchun shu narsalarni foydalanib pulning bahridan o‘tib yuborishga tayyorlar va buning hammasi to‘ygacha, to‘g‘risini aytganda esa yotoqxonagacha bo‘lib qolmoqda.

Yolg‘izlik Ollohga xos. Har bir normal yigit yoki qiz voyaga yetibdiki o‘z juftini qidiradi. Orzular qiladi, hayollar suradi, o‘zi xohlagan inson bilan oila qurishni xohlaydi. Ammo bugungi kunga kelib shunday beg‘ubor tuyg‘ularni o‘rnini pul va boylik to‘ldirmoqda. Balki shuning uchun turmushga chiqqan qizlar bir yil o'tmasidan ota uylariga qaytib kelishayotgandir, balki shuning uchun ajralishlar va ajrimlar ko‘paygandan ko‘payib oilalarga dars ketmoqdadir.

So‘zim yakunida esa so‘zim boshidagi nazariyamni aytaman.
“Har qanday qizning o‘z narxi bo‘ladi va har qanday qizni sotib olish mumkin”


Muallif: Xudoyberganov Ulug‘bek

Комментарии