Bu eng yaxshi jamoa!

Foto: Xasan Pirmuhammedov
Mening ushbu maqolam o‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshi jamoa va ana shu jamoani a’lo darajada boshqarayotgan murabbiylar shtabi haqida bo‘ladi. Boshlanishidanoq aytaman ushbu maqolada aslo “pessimistik” ruhdagi fikrlar yo‘q, aksincha ushbu maqola “optimistik” kayfiyatda yozilgan.

Necha yillardan buyon futbol ko‘rsam, yangiliklarni o‘qisam, ma’lumotlar bilan tanishsamda hech qachon fikr bildirishga oshiqmaganman. Hamisha kuzatishni afzal ko‘rganman va hamisha voqeiyliklarga betaraf ko‘z bilan qaraganman. Balki shuning uchundir ijtimoiy tarmoqlar va saytlardagi be vosita Babayanga atalgan tanqidiy fikrlar men uchun yangilik bo‘lmayabdi. Sababi bunday salbiy holatni Vadim Abramov va Mirjalol Qosimov vaqtida ham yetarlicha ko‘rganman.

Aynan Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatiga olib chiqishi juda ham mushkul deya bong urayotganlarga 1991-yildan to bugunga qadar milliy terma jamoamizni boshqargan 18 ta murabbiy bizni JCH ga olib chiqa olmaganini eslatib qo‘ymoqchiman. Unutmang aynan ana shu murabbiylarning orasida Vadim Abramov va Mirjalol Qosimovlar ham bor edi. Bizni faqat xorijlik murabbiy JCH sari yetaklashi mumkin deyotganlarning e’tibori uchun ana shu 18 ta murabbiydan naqt yettitasi xorijlik edi.

Endi esa ruxsatingiz bilan o‘tmish haqida emas balki Samvel Babayan MTJ ga kelganidan keyingi davr haqida. Ya’ni taktika, tarkib, murabbiylar shtabi va natijalar haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashsam.


Eng avvalo TAKTIKA haqida

Foto: championat.com
Samvel Babayan MTJ ga bosh murabbiy etib tayinlanganidan so‘ng butun osiyoni zabt etadigan o‘yin uslubini yaratish rejasi haqida aytib o‘tdi. Bu o‘yin uslubini yaratishda Samvel Babayan asosan uchta taktikaga suyanmoqda. Bular: 4-2-3-1, 4-1-4-1 va 4-1-2-2-1. Aytib o‘tish kerakki Babayan FIFA reytingida asosan o‘rta pog‘onalarda yuradigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun eng maqbul taktikalarni tanladi. Yuqoridagi uchta taktikadan qay biri tanlanmasin bizda to‘rtta himoyachi to‘p surmoqda va buning evaziga biz JCH saralash bahslarida Babayan kelgach 7 ta quruq o‘yin o‘tkazdik. 5 ta o‘yinda esa bor yo‘g‘i bitta gol o‘tkazib yubordik. Rasmi o‘yinlarda faqatgina Janubiy Koreya bizning darvozamizga ikkita gol urishning uddasidan chiqdi. Agarki 11 ta rasmi o‘yinda bittadan ko‘p gol o‘tkazmagan ekanmiz bu taktika bizga ish bermoqda. Babayan jiddiy raqiblarga qarshi ikkita, soddaroq raqiblarga qarshi o‘yinlarda bitta tayanch yarim himoyachini maydonga tushirmoqda. Hujum chizig‘ida esa faqat bitta hujumchi bilan o‘ynamoqdamiz. Albatta bitta hujumchi bilan o‘ynashimiz sermahsullikni biroz pasaytirayotgan bo‘lsada Samvel Babayanning rasmi o‘yinlardagi 9 ta o‘yindan iborat g‘alabali seriyasi bu ham o‘ylab qo‘yilgan reja ekanligini tasdiqlamoqda. Biz faqatgina Toshkentda Eronga va Malayziyada Suriyaga gol ura olmadik. Ammo unutmaylik Eron JCH saralashining so‘ngi bosqichida bironta ham o‘yinda gol o‘tkazib yubormadi. Suriya mezbonligidagi o‘yinlarda esa hattoki eng tajovuzkor Eron va J.Koreya ham Suriyaliklar darvozasiga yo‘l topa olmadi. Shunday ekan Samvel Babayanning tanlayotgan taktikalarini samarasiz deb bo‘lmaydi. Aksincha Samvel Babayan O‘zbekiston uchun eng yaxshi taktikalar uchligidan foydalanmoqda.


TARKIB haqida

Foto: UzReport.uz
Samvel Babayan MTJ bosh murabbiyi etib tayinlangach tarkib Mirjalol Qosimov davridagiga qaraganda sezilarli darajada o‘zgartirildi. Bir qator yosh futbolchilarimiz Babayan qo‘l ostida o‘zlarining MTJ dagi debyutlarini o‘tkazishdi. Bir so‘z bilan Babayan MTJ da yangi muhitni shakllantirdi. Quvonarlisi Samvel Babayan MTJ da eng munosib futbolchilarni maydonga tushirmoqda. Marhamat, Shu fikrimni isbotlab bersam


DARVOZA: To‘g‘ri ko‘pchilik I.Nestorovni o‘zbek futbolidagi eng yaxshi darvozabon deb hisoblaydilar. Ammo Nestorov bir necha yil oldin olgan jarohatidan so‘ng jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazdi. Ana shu vaqtda MTJ bosh murabbiyi Mirjalol aka asosiy tarkibda Murodjon Zuhurovga imkoniyat bergan edi. Ammo Iordaniyaga qarshi ikki o‘yindan so‘ng Zuhurov o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlamadi. Nestorov jarohatidan forig‘ bo‘lgach Qosimov uchta darvozabonni sinab ko‘rdi. Bular I.Nestorov, E.Suyunov va A.To‘rayev. Akbar To‘rayev Yaponiya bilan bahsda 5 ta gol o‘tkazib yubordi. Ignatiy Nesterov esa KXDR bilan bahsda 4 ta gol. Samvel Babayan MTJ ga bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin uning oldida asosiy darvozabonni tanlash vazifasi turgan edi. Uning oldida uchta variant bor edi. Bu Eldorbek Suyunovga asosiy tarkibni topshirish, Ignatiy Nesterovni o‘ynatishda davom etish yoki Aleksandr Lobanovga O‘zbekiston fuqoriligini berib unga ishonish. Babayan Lobanovni tanladi. Bu xato tanlov emas edi. Sababi Babayan Lobanovni imkoniyatlarini yaxshi bilardi. Qolaversa Lobanov Paxtakor bilan O‘zbekiston chempioni bo‘lgan va penaytilar qaytarish va quruq o‘yin borasida o‘zini ko‘rsatayotgan edi. Keyinroq esa Eronning eng nomdor jamoasi “Persepolis” dek jamoada asosiy darvozabon sifatida harakatlandi. Dar haqiqat bugunga kelib Aleksandr Lobanov JCH saralash siklidagi barcha o‘yinlarda to‘liq harakat qilmoqda va MTJ da almashtirib bo‘lmas o‘yinchiga aylandi. Eldorbek Sutunov va Ignatiy Nesterovlar esa muntazam yig‘inlarda ishtirok etib kelmoqdalar.


HIMOYACHILAR: Samvel Babayan yuqorida qayt etilganidek barcha bahslarda to‘rtta himoyachidan foydalanmoqda. Samvel Babayan markaziy himoyani ikkita bo‘ydor futbolchilarga topshirdi. Bular bo‘yi 193 sm bo‘lgan Yegor Krimets va bo‘yi 190 sm bo‘lgan Anzur Ismoilov. Samvel Babayanning bu tanlovi chunarli bu ikki markaziy himoyachi har qanday raqib hujumchisi uchun baland tog‘dek taassurot uyg‘otadi. Chap qanot himoyasida esa Babayan Rossiya chempionatida to‘p suradigan Vitaliy Denisovga ishonch bildirmoqda. O‘ng qanot himoyasida esa Babayan Islom To‘htaxo‘jayev va Davron Hoshimovni ko‘proq maydonga tushirmoqda. Himoyachilardan faqatgina o‘ng qanotda Islom To‘xtaxo‘jaevga nisbatan savollar vujudga kelmoqda. Ko‘pchilik bu qanotda Shuhrat Muhammadaliyev mosroq degan fikrda ammo unutmaylik Islom To‘xtaxo‘jaev Neftchidan oldin MTJ da debyut qilgan futbolchi. Islom To‘xtaxo‘jaevda MTJ miqyosida juda ulkan tajriba bor. Qolaversa Islomda hujumlar yaratish qobiliyati ham mavjud bo‘lib bu bizning qarshi hujumlarimizda ham qo‘l kelmoqda. Bundan tashqari Samvel Babayan himoyaning turli nuqtalarida Azim Ahmedov, Akrom Komilov, Akmal Shorahmedov, Stanislav Andreyev, Rustam Ashurmatov va Aleksandr Merzlyakovlarga ham imkoniyat berib ko‘rdi.


TAYANCH YARIM HIMOYA: Samvel Babayan MTJ tayanch yarim himoyasida legionerlar Azizbek Haydarov va Vadim Afoninga imkoniyat bermoqda. Qolaversa Samvel Babayan umidli futbolchilarimizdan Javohir Sohibov va Otabek Shukurovlarni, o‘rtoqlik uchrashuvlarida esa Vladimr Kozakni maydonga tushirganini ko‘rdik. Raqib hujumlarini buzish borasida bu futbolchilar o‘z vazifalarini a’lo darajada uddalashmoqda. Faqatgina Otabek Shukurov raqib hujumlarini to‘xatish uchun juda nimjonlik qilayotgandek taassurot uyg‘otdi, ammo undagi tezlik va chaqqonlik uyg‘unlashuviga Samvel Babayan yuqori baho bermoqda. Qolaversa Samvel Babayan MTJ ga kelgach qabul qilgan qarorlarining orasida eng oqilona bo‘lgan qaror bu Odil Ahmedovni tayanch yarim himoyadan yarim himoyaga olgani bo‘ldi.


YARIM HIMOYA: Samvel Babayan eng ko‘p foydalanayotgan yarim himoyachilar: Odil Ahmedov, Server Jeparov, Eldor Shomurodov va Sardor Rashidovlar bo‘lmoqda. Qolaversa Babayan bazida Jamshid Iskanderov va Jaloliddin Masharipovni ham asosiy tarkibda maydonga tushirib ko‘rdi. Ba’zi vaziyatlarda Marat Bikmayevdan ham qanot yarim himoyachisi sifatida foydalanmoqda. O‘z o‘zidan chunarliki Odil Ahmedov MTJ sardori, Server Jeparov esa MTJ safida eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi qolaversa ikki karra osiyoni eng yaxshi futbolchisi. Bu ikki tajribali yarim himoyachi asosiy tarkibda bo‘lishining o‘ziyoq bizni kuchimizga kuch qo‘shadi. Qanotlarda esa ikki yosh iqtidor egasi Eldor Shomurodov va Sardor Rashidovlar harakatlanmoqda. Eldor Bunyodkorning asosiy futbolchisi bo‘lib, o‘z iqtidori bilan tillarga tushmoqda. Sardor Rashidov esa Qatar chempionatida o‘zini ko‘rsatmoqda. Ko‘rinib turibdiki yarim himoya chizig‘idagi bironta futbolchini boshqasiga almashtirish maqsadga muvofiq emas edi.

Shuningdek Samvel Babayan kengaytirilgan tarkibga Dostonbek Hamdamov, Oleg Zoteev, Fozil Musayev, Jasur Hasanov, Salamat Qutiboyev singari futbolchilarimiz jalb etmoqda. Bu futbolchilarimiz zaxira o‘rindig‘ida maydonga tushish uchun hamisha shay bo‘lib turishibdi. Aksariyat muxlislarimiz Ikrom Aliboyev, Sanjar Tursunov, Sardor Mirzaev va Sanjar Shoahmedov kabi yarim himoyachilarimiz ham bu ro‘yxatda bo‘lishini istashmoqda, umid qilamizki bu futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsatishda davom etsalar kelgusi bahslarda kengaytirilgan tarkibdan joy oladilar.


HUJUMCHILAR: Hujum chizig‘ida Samvel Babayan Igor Sergeev, Aleksandr Genrih, Marat Bikmayev va Temurxo‘ja Abduxoliqov singari istedodli hujumchilarni maydonga tushirmoqda.

Igor Sergeev deyarli barcha yosh toifalaridagi terma jamoalarimizda harakatlangan va hamisha o‘zining to‘p urarlik mahoratini ko‘rsatib kelgan. Bundan bir mavsum oldin oliy liga to‘p urari va O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Igor Sergeev o‘tgan mavsumning birinchi davrasida ham oliy liganing eng yaxshi to‘p urari bo‘lib turgan edi. Faqatgina Xitoyda Igor o‘zining sport formasini biroz yo‘qotib qo‘ydi va uning oldida formasini tiklab olish vazifasi qolgan xalos. Aleksandr Genrihning zaxiradan maydonga tushishi hamisha raqib uchun jiddiy muomo bo‘lmoqda, qolaversa Sashada Maksim Shatskixning rekordini yangilash uchun juda yaxshi imkoniyat bor shuning o‘ziyoq Genrih uchun qo‘shimcha motivatsiyadir. Marat Bikmayev O‘zbekistonning eng yulduzli jamoasi Lokomotivda asosiy hujumchi bo‘lib turibdi. Xalqimiz ko‘proq kutgan hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov ham va nihoyat MTJ a’zosiga aylandi. Shuningdek Samvel Babayan Shoxruz Norxonov, Murodbek Bobojonov va Zohid Abdullayevlarni ham yig‘inlarda sinab ko‘rdi.


MURABBIYLAR SHTABI HAQIDA:

Foto: the-uff.com
Agar murabbiylar shtabiga razm solar ekanmiz murabbiylar shtabi ham ajoyib ekanligini ko‘ramiz. Samvel Babayan, Viktor Jalilov, Ravshan Haydarov va Deyan Jurjevich.

Samvel Babayan haqida to‘xtalib o‘tirmayman, Bu murabbiyni barchangiz yaxshi bilasiz.

Ravshan Haydarov haqida aytar ekanmiz o‘z vaqtida Nestorov, Jeparov va Genrih kabi futbolchilar aynan ushbu murabbiy qo‘l ostida MTJda debyut qilganini eslashimizning o‘zi kifoya. Shuningdek 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar terma jamoasi aynan Ravshan Haydarov murabbiyligida yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida chorak finalga chiqqan edi. Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Javohir Sohibov, Dostonbek Hamdamov, Rustam Ashurmatov va yana bir nechta yoshlarimiz ushbu murabbiy qo‘l ostida harakatlangan, shuning uchun ham Ravshan Hayradov ko‘plab yosh futbolchilarimizning imkoniyatlarini, iste’dodlarini to‘g‘ri baholay oladi. Qolaversa Ravshan Haydarovning MTJ mizni yoshartirish borasidagi o‘rni ham be qiyos bo‘lib O‘zbek futbolidagi istedodli yoshlarimiz haqida shaxsan Ravshan Haydarovning o‘zi Samvel Babayanga axborot berib turganiga ishonchim komil.

Viktor Jalilov esa o‘z vaqtida Navbahor va Paxtakorda bosh murabbiy bo‘lib ishlagan. Odil Ahmedov, Server Jeparov, Aleksandr Genrih, Anzur Ismoilov, Ignatiy Nesterov kabi futbolchilar aynan Viktor Jalilovni qo‘l ostida harakatlanganlar. Shunday ekan asosiy tarkibni shakillantirishda, o‘yin uslubi borasida fikr almashish shuningdek taktika tanlash borasida Samvel Babayan bilan fikr almashishi bu quvonarli holat.

Deyan Jurjevich o‘z vaqtida Paxtakorda bosh murabbiy bo‘lib ishlgan va nafaqat o‘z jamoasini qanday o‘ynashi, qanday harakat qilishi balki raqib jamoalari haqida ham qator ma’lumotlarni o‘z shogirtlariga aytgan, raqibning nozik nuqtalari hamda kamchiliklarini mohirona tahlil qilishni bilgan. Aynan shuning uchun Samvel Babayan MTJ da maslahatchi murabbiy sifatida aynan Deyan Jurjevichni tanladi. Deyan Jurjevich O‘zbekiston MTJ ning barcha raqiblarining o‘yinlarini be vositda stadionda kuzatmoqda hamda murabbiylar shtabi uchun raqib o‘yini haqida, ularning o‘yin uslubi, taktikasi hamda kamchiliklari haqida eng kerakli hamda qimmatli ma’lumotlarni Samvel Babayanga yetkazmoqda. Serbiyalik ushbu mutaxassis har qanday raqibning yashirin kartalarini ochib tashlash qobiliyati O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun juda qo‘l kelmoqda. Deyan Jurjovichning raqib o‘yinini o‘rganish borasidagi mahorati haqida Samvel Babayan ham bir necha marotaba iliq fikrlarni aytib o‘tdi. Shunday ekan murabbiylar shtabidan ko‘ngilni to‘q qilaversak ham bo‘ladi.


NATIJALAR HAQIDA:

Foto: championat.asia
Keling tan olaylik Samvel Babayan MTJ bosh murabbiy bo‘lganidan so‘ng natijalar ancha ijobiy tus oldi. Rasmi o‘yinlarda biz naqd o‘n bitta bahsda g‘alaba qozondik va bor yo‘g‘i uch martda mag‘lub bo‘ldik. Ana shu uch mag‘lubiyat Eron, J.Koreya va Suriyadan qabul qilib olindi.

Biz Eronga aynan Toshkentda Abramov vaqtida ham, Qosimov vaqtida ham 0-1 hisobida imkoniyat boy berganmiz. Unutmaylik Eronga nafaqat biz balki guruhimizdagi boshqa jamoalar ham gol ura olisholmadi. Qolaversa yarim tarkibi yevropada to‘p suradigan Janubiy Koreya ham Eron bilan birinchi bahsda darvoza tomon bironta ham aniq zarba yo‘llamagan.

Janubiy Koreyadan uchralgan mag‘lubiyat haqida so‘z borar ekan biz ularni Seul shahrining o‘zida 0-1 hisobida mag‘lub etayotgan ham edik. Ammo afsuski o‘yin so‘ngiga qadar g‘alabani ushlab qola olmadik.

Suriya esa yuqorida aytib o‘tganimdek Malayziya maydonlarida J.Koreyadan ham Erondan ham ochko tortib oldi. Har ikkala bahs durrang bilan yakunlandi. Biz ham ular kabi durrang o‘ynashimiz mumkin edi ammo Samvel Babayan O‘zbekistonlik millionlab insonlar uchun butun jamoani hujumga boshladi. Biz gol urishni shu qadar hohladikki ayyor Suriyalik futbolchilar bizni qarshi hujumda “tutishdi”, Penalti va gol. O‘rtoqlik uchrashuvlarida esa O‘zbekiston MTJ Samvel Babayan boshchiligida Livan, Burkina fasso, Iroq, Iordaniya kabi terma jamoalarni mag‘lub etdi. Gruziya bilan durrang. Kanada bilan o‘yinda esa avto gol sabab 2-1 hisobidagi alamli mag‘lubiyat. Samvel Babayan O‘zbekiston milliy terma jamoasini 20 ta bahsda maydonga boshlab tushgan bo‘lsa shulardan 15 ta bahsda biz g‘alaba qozondik, bir durrang va to‘rt mag‘lubiyat. Yaxshi natija bo‘lsa shunchalik bo‘libdi. Samvel Babayan O‘zbekiston MTJ boshiga kelgach biz g‘alabaga ko‘z tikkan jamoaga aylandik. Endi biz durrangga rozi jamoa bo‘lmay qoldik. FIFA reytingidagi o‘zimiz uchun rekord pog‘onaga ko‘tarilishimizga bir qadam yetmadi xalos.


Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsam Samvel Babayan MTJ g‘alabalarini siz va bizdan ko‘ra ko‘proq hohlaydi. Yaxshi va ijobiy natijalar uchun u bundan oldingi murabbiylarga qaraganda ko‘proq harakat qilayotgan bo‘lsa harakat qilmoqdaki aslo kam emas. Samvel Babayan milliy terma jamoaga kelgach ishni muommolar haqida gapirishdan yoxud yetishmovchiliklar haqida so‘z yuritishdan boshlamadi aksincha yagona maqsad yo‘lida birlashishni so‘radi, Tarkibni O‘zbek futboli tarixidagi eng yaxshisi deb atadi. Barcha murabbiylar bilan shaxsan suhbatlashib “O‘rganishdan charchamayman” deb aytdi va “Biz osiyoni zabt etadigan o‘yin uslubini yaratamiz” deya takidladi. Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlarning “Коммент” larida Samvel Babayan haqida hazil va mutoyifa qilish bilan ko‘ngil yozayotgan vaqtida Samvel Babayan O‘zbekiston Milliy Terma jamoasini Jahon Chempionatiga olib chiqish ustida ishlamoqda. Eron, Xitoy va Janubiy Koreyadan qanday qilib ochko tortib olish haqida bosh qotirmoqda. U o‘z vazifasini sitqi-dildan ado etib kelmoqda.

Sizlardan iltimosim shuki turli ijtimoiy tarmoqlardagi bemani shaxslarning Babayanga nisbatan qilayotgan provakatsiyalariga qo‘shilmang, O‘zingiz istagan ikkita futbolchi tarkibda yo‘qligi uchungina #Babayanout hashtegini yozishga oshiqmang. Aksincha milliy terma jamoamiz va murabbiylarimizni qo‘llab quvvatlashga. Jahon Chempionatiga chiqishdek oliy maqsad yo‘lida birlashishga intiling.

Hamma narsa faqat bosh murabbiyga bog‘liq deydiganlarga eslatib o‘tmoqchiman, Samvel Babayan hozirda Uilre Shtelike (Germaniya), Marchelino Lipi (Italiya), Kayruz Keyrush (Potugaliya), Xorse Fosati (Urugvay), Ayman Hakim (Suriya) kabi murabbiylar bilan bahslashmoqda. Aynan Babayan sababli Xitoy MTJ bosh murabbiyi Gao Gangbo va Qatarliklarning Urugvaylik mutaxassisi Xose Daniel Karrenolar iste’foga chiqarildi. Men ishonamanki aynan Samvel Babayan bizni Jahon chempionatiga olib chiqa oladi.

Qatar bilan o‘yindan so‘ng men guruhimizdagi turnir jadvaliga qarab aytdim, Bu mushkul ammo imkonsiz emas.

Biz murabbiylardan farishta bo‘lishni talab qilmaylik. Ularning yelkalarida qanotlari yo‘q. Qaysi futbolchi maydonga tushishini Samvel Babayanning o‘zi hal etsin. Bu borada unga maslaxat beradigan murabbiylar shtabi mavjud. Albatta biz qaysidir futbolchi maydonga tushishini chin dildan hohlashimiz mumkin ammo ana shu futbolchi maydonga tushmaganligi uchun murabbiyni ayblash yoxud uni haqorat qilish bu xato.

Shaxsan men Milliy Terma Jamoamizga muxlislik qilishda davom etaman. Tarkibimizdagi futbolchilarning mahoratiga ishonaman. Samvel Babayandan esa natija kutaman. Jahon Chempionatiga chiqishimizni esa Hudodan so‘rayman va futbolchilarimizni imkon qadar stadionda turib qo‘llab-quvvatlayman. Shaxsan mening qo‘limdan keladigani shu. So‘zim yakunida sizlar ham aynan shunday yo‘l tutishingizni iltimos qilaman, zero ayni damda eng to‘g‘ri yo‘l shu.


Muallif: Xudoyberganov Ulug‘bek (Ulug'bek Toshkandiy)

Комментарии