O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajarish Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi

Foto: Wikipedia

Toshkent shahrida 8-sentyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, taklif etilgan Vazirlar Mahkamasi a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zA axborotiga ko‘ra, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida “O‘zbekiston Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma majlis davomida Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini, aholi o‘rtasidagi hurmat-e’tiborini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi.

Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning mazkur taklifi Senat Kengashi tomonidan ma’qullanganligi ma’lumot uchun qabul qilindi.

“Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta’minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e’tiborga olib, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning taklifini qo‘llab-quvvatladi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati O‘zbekiston Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga vaqtincha yuklash to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasiga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga to‘liq muvofiq holda O‘zbekiston Prezidenti saylovi o‘tkazilishini tashkil etish tavsiya qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi shu bilan o‘z ishini yakunladi”, — deyiladi O‘zA axborotida.

manba: daryo.uz

Комментарии