Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasining axboroti: O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov vafot etdi



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov vafot etganini ma’lum qildi. Axborotni O‘zA e’lon qildi.

Aziz vatandoshlar,

Yuragimizda chuqur qayg‘u bilan barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafot etganini ma’lum qilamiz. Islom Abdug‘aniyevich 2016-yil 2-sentabrda Toshkent shahrida bosh miyada qayta tiklanmaydigan o‘zgarishlarga va poliorgan yetishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etdi.

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqiqatan buyuk tarixiy shaxs edi. Islom Karimovning qat’iyati va jasorati bilan respublikamiz mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Yosh davlatimiz uchun g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini ko‘rmasdan eson-omon o‘tishi bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq.

Xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo‘lboshchisi Islom Abdug‘aniyevich Karimov qalblarimizda abadiy qoladi va kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.

Barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Prezidentimizning vasiyatiga ko‘ra, Islom Karimov shu yil 3-sentabrda ota-onasi mangu qo‘nim topgan ona shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga binoan dafn etiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bilan vidolashuv marosimi 2016-yil 3-sentabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi.

Biz barchamiz uchun o‘ta og‘ir judolik munosabati bilan marhumning oila a’zolari va butun O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz.

manba: daryo.uz

Комментарии