Anvar Nomozovdan "Bugunning gaplari" (Антология)

Foto: sayyod.com
Sayyod.com saytdagi adashmasam xodimlar (ijodkorlari) dan biri bo'lmush Anvar Nomozovning "Bugunning gaplari" ruknidagi "Falsafiy" maqolalarni kuzatib borishga harakat qilaman. Shu vaqtgacha adashmasam 4 yoki 5 ta ta soni chop etilgan.

Demak shu sonlarni to'rttasini ushbu maqolada jamlashga harakat qilib ko'ramiz: Marhamat...



To‘yga taklif qilinganda...
Erkak: — Qancha to‘yona bersam ekan?
Ayol: — Qanday ko‘ylak kiysam ekan?
Farzand: — Qaysi artist kelar ekan?

* * *

Yomon odam yo‘q, yomon taassurot bor, xolos.

* * *

Xonandaga yoqmaydigan savollari beshligi:

1. Nega fonogrammada kuylaysiz?
2. Nechta uyingiz va mashinangiz bor?
3. Nima uchun falo-o-o-n qo‘shig‘ingiz o‘g‘irlangan?
4. To‘ydan qancha pul ishlaysiz?
5. Necha marta erga tekkansiz?

* * *

Shunchalik miyaga singib ketdiki, go‘yoki butun dunyo otlari Hosilaga patentlashtirib berilgandek!

Foto: sayyod.com
* * *

Aksioma: telekanallar ko‘paygani sayin haqiqiy yulduzlar shu qadar kamayib boraveradi.

* * *

“Omadli” aktyor yoki aktrisa avval teatr sahnasiga chiqadi, so‘ng kino ekraniga, keyin esa shou-biznesga o‘tib ketadi.

* * *

Xayriyat, artistlar bor! Aks holda to‘ylar majlisbozlikka aylanib ketardi.

* * *

Oyoqning tomiri tortishsa, “Vay-vay-vay...” deb baqirish, keyin esa uni qo‘shiqqa aylantirish mumkin.

* * *

Serialdagi ko‘zlari yumuq Esmeraldadan hayotdagi ko‘zlari ochiq Esmeralda bankalari sharmandali chiqdi.

* * *

Erkaklar savoli ekranga ko‘chgan yagona ko‘rsatuv: “Bugun nima ovqat?”

* * *

Hollivuddan artist chaqirasanmi, bir yarim milliard so‘m pul sarflaysanmi, baron tugul graf haqida kino olasanmi, piratlarga vaaaaabshshshe farqi yo‘q!

* * *

Bugun bittasi o‘zining konsertida nikoh to‘yini o‘tkazmoqchi! Ertaga boshqasi sahnaga chiqib tug‘aman demasin ishqilib!

* * *

Dunyodagi eng qiziqarli va o‘chmas mavzu: o‘zganing cho‘ntagi!

* * *

U shu qadar samimiy san’atkorki, “Pari-pari” qo‘shig‘ini xuddi o‘zinikidek kuylaydi!

* * *

Biz, o‘zbeklarning eng yaxshi sifatimiz — mehnatsevarligimiz, eng yomon sifatimiz esa — mehnatsevarlarni g‘iybat qilishimizdir!

* * *

Mashhur telekanallarda yangraydigan mashhur yolg‘onlar:
“Sevimli kanalingizda!”
“Ko‘plab teletomoshabinlarning talab va istagiga ko‘ra!”
“Eng dilbar xonanda!”

* * *

Hamma yaxshi yashashni xohlaydi, biroq buni qo‘shiqchilar ko‘proq uddalaydi.

* * *

Ajabo, ba’zilar Xudodan emas, videokuzatuvdan ko‘proq qo‘rqishadi!

* * *

Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin, biroq “Madaniyat va ma’rifat” kanali Poziljonov filmlarini qo‘ymasligi aniq!

* * *

Hurmatli xonandalar! Xorijga chiqishdan avval tushuntirish xati yozishni mashq qiling!

* * *

Vo ajab, tasodif shunchalik bo‘lar: eng original klip olsang ham chet elnikiga bo‘lib chiqadi-ya!

* * *

Bugun kuldiradigan (qiziqchi)lar ko‘paygan sari kuladiganlarning soni kamayib bormoqda!

* * *

Ba’zi seriallarni ko‘rib, “matriarxat” so‘zini beixtiyor tilga olasan!

* * *

Har qanday yangi qo‘shiq — unutilgan eski xonishdir!

* * *

O‘zbek kinosining durdona filmlarini ko‘rmoqchimisan? Unda bayramlarni kut!

* * *

“Uxlavotti Mario, dam ovotti Mario”... Bir paytlardagi ushbu qo‘shiq ijrochisi Ergashevning o‘zi uxlayapti, shekilli, ijodida jimjitlik!

* * *

Tirikchilikning aybi yo‘q! Ammo poraxo‘rlikning emas!!!

* * *

Qalpoq deganda bosh kiyim yoki ko‘rsatuvdan ko‘ra katta qorin ko‘z oldingga keladigan bo‘lgan!

* * *

Agar “Dekameron” muallifi Jovanni Bokachcho go‘ridan tirilib kelganida bormi, “telegram”dagi lavhalarni ko‘rib, go‘riga qayta kirib ketgan bo‘lardi!

* * *

Gap taqir kallada emas, balki shu kalladan chiqadigan tuturiqsiz gapda!

* * *

O‘lganlarning qo‘shig‘ini ayt — ham ommalashadi, ham tekinga tushadi.

* * *

Qistir-qistir — artist so‘zining o‘zagidan olingan bo‘lib, uning JUDAYAM yoqimli shaklidir.

* * *

Darvoqe, qistir-qistirni artist ham, ham gaishnik ham yaxshi ko‘radi. Farqi — ulardan biri hammaning ko‘z o‘ngida ochiq-oshkora oladi.

* * *

Olim bo‘lma, otarchi bo‘l — uying ko‘payadi!

* * *

Xonandaning kallasini puldan boshqa narsa chulg‘aganmi, demak, u... uxlayapti!

* * *

To‘y oqshomini uning egasidan ham ko‘proq yaxshi ko‘radigan odam, bu — san’atkordir!

* * *

Ilgari shlyapani mushketyorlar, kovboylar va kolxoz raislari kiyishgan. Bugun esa... Davron G‘oyipov, Valijon Shamshiyev va Melis Abzalov!

* * *

Jasur Umirovning iste’dodi qanchalik zo‘r — noma’lum, ammo uning Oysara opa bilan Jumagulni estradaga olib kirgani aniq!

* * *

“Ley-ley-ley-ley-ley…” — bu ham qo‘shiq, aniqrog‘i, klip!

* * *

Qiziqchilar va QVZchilarga e’tiborga berganmisiz: nuqul balkonda o‘tirganlar ustidan kulishadi. Ha, puli kamlar hamisha kamsitilgan!

* * *

San’at ahli biladigan haqiqat: Konsert – to‘y uchun tikilgan pullardir!

* * *

Erni er qiladigan ham, qaro piar qiladigan ham xotin!

* * *

Savol: konsertlarda nima uchun birinchi qatorda mashhurlar o‘tirmoqda? Javob: old qatorda chiptalar qimmat!

* * *

Matbuot kotibi — xonandadan pul olish evaziga uni targ‘ib va matbuotdan himoya qiluvchi monopolist qalamkashdir!

* * *

Agar ertaklardagi jodugar tirilganida... videoklipda ko‘pkari chopardi!

* * *

Mushuk tekinga oftobga chiqmaganidek, artist tekinga... to‘yga bormaydi!

* * *

Yo‘q, artistlar to‘yga bepul borishadi! Faqat... bir-birinikiga!

* * *

Keyingi yillarda hayvonlar haqida aytilgan eng mashhur qo‘shiq: “Qizmi bu, kiyikmi bu?”

* * *

Estrada va maqomning moddiy tafovuti haqida bilishni istaysanmi? Marhamat:
Shahzodaniki — “Jip”, maqomchi opaniki esa — “Matiz”!

* * *

Ishlamay qo‘ydingiz, xorijlik san’atkorlar! Shuning kasriga bizda xit qo‘shiqlar yo‘q!

* * *

Afandining gapi — haqiqat:
Bu dunyoda hamma — plagiat.

* * *

Har qanday yangilik — unutilgan eskilikdir, Yangi qo‘shiqlar esa Oxun va Muhriddinnikidir.

* * *

Fonogramma, bu — taqiqlanmagan doping!

* * *

Agar to‘ydagi pul teruvchilar paxta dalalariga yuborilganida reja albatta  bajarilgan bo‘lardi.

* * *

Soqqasini to‘la va xohlagancha televizorga chiq. Jonga tegsa(ng) o‘chirib qo‘yasan!

* * *

Gazetada ishlaydiganlar emas, gazetada ishlatadiganlar boy bo‘ladi!

* * *

Gap e’tirofdami yoki billur haykalchani olishda?

* * *

To‘y haqidagi qarorlar chetlab o‘tadigan maskan bitta — u ham to‘yxonadir.

* * *

Bugun ham stadionlarda konsert berish mumkin! Nima ko‘p — mini stadion!

* * *

Agar ovsinlar bir-biriga paxta otmaganida, balki bojalar kabi bachkana  bo‘lishardimi, nima dedingiz?!

* * *

Qadim-qadim zamonda o‘rmonda adashib yurgan Qizil shapkacha bugun nihoyat  videoklipda chiqdi!

* * *

“Agar baqirib qo‘shiq aytmasam, balkondagilar uxlab qoladi”, deb o‘ylasa kerak  Jahongir Poziljonov.

* * *

Bugun yulduzlar shunchalik ko‘payganki, osmonga sig‘may, yerga tushib ketgan.

* * *

Savodsiz, erinchoq va qo‘rqoq! Agar rejissyorlarimiz shu qusurlardan xoli  bo‘lishganida tarixiy filmlar ham olishardi!

* * *

Ovoz eshakda ham bor, ammo gap faqat hangrashda emas.

* * *

Qiziqchilarimiz qiziq-da: sahnaga chiqqan zahoti “biz bachkana emasmiz” deganlari  eslaridan chiqadi-ketadi.

* * *

Mashhurlarni qo‘rqitadigan, muxlislarda savol uyg‘otadigan, raqiblarni  quvontiradigan so‘z, bu – ZAPRЕT!

* * *

Ritorik savol: Sevara katta pulga o‘rgangani uchun bizda konsert bermayaptimi?

- - - - - - - - -

MANBA: sayyod.com

Комментарии