Olimpiyachilarimizning bosib o‘tgan yo‘llari

Ushbu maqolada o'z yosh toifalari bo'yicha olimpiya terma jamoasidan chiqgan futbolchilarimizning shu bugungacha bosib o'tgan yo'llari haqida hikoya qilinadi.

Men ushbu terma jamoamizning ilk qadamlaridan to bugungi kungacha bo‘lgan o‘tmishi bilan sizlarni ham tanishtirish barobarida bosib o'tilgan shonli yo'llarni, barcha shirin xotiralarni yana bir bor yodga olishni maqsad qildim. Demak boshladik…


# KUALA-LUMPURDAGI SARALASH

Ushbu olimpiya terma jamoamiz o‘zining ilk qadamini 2010 yili Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan Yoshlar o‘rtasida Osiyo Chempionati saralash bahslaridan boshlagan edi. Ana shu mundialda yoshlarimiz Quvayt, Afg‘oniston, Pokiston va
Saudiya Arabistoni bilan bir guruhdan joy olgan va 10 ochko bilan guruhda 1-o‘rinni egallagan holda o‘smirlar o‘rtasida Osiyo Chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.


# TOSHKENTDAGI MUSOBAQA

2010 yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati poytaxtimiz Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan, O‘zbekiston 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasiga Aleksey Yestafeyev bosh murabiy, Ahmadjon Musayev esa katta murabiy etib tayinlangan edi. O‘smirlarimiz Toshkentda bo‘lib o‘tgan
mundialda Indoneziya, Tojikiston va Iordaniya bilan birgalikda “A” guruhidan joy olgan va o‘z guruhlarida 7 ochko bilan 1-o‘rinni band etgan edilar. Chorak finalda esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga suriyalik o‘smirlar raqib bo‘lishgan edi. O‘zbekiston suriyaliklarni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib yarim finalni naqd qilgan va o‘z tarixlarida ilk bor ushbu yosh toifasida Jahon
Chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan edilar. Yarim finalda esa o‘smirlarimizga ushbu turnirdagi eng nomdor raqib Avstraliyaga duch kelgan edi. Ko‘pchilik “tamom“ deb o‘ylagan bir vaqtda vakillarimiz “Paxtakor” stadionida
Avstraliya o‘smirlar terma jamoasini ham 2:1 hisobida mag‘lub etib final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgan. Finalda esa o‘zbekistonlik o‘smirlarga Shimoliy Koreya o‘smirlar terma jamoasi to‘qnash kelgan edi. “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs Osiyo Chempionatlari tarixida eng ko‘p muxlis tashrif buyurgan o‘yin sifatida tarixga kirdi. KXDR
bilan o‘yin tizginini qo‘lga olgan holatda o‘yinda katta ustunlikga ega bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi sardori A.Maxstaliyev xavfli o‘yin natijasida qizil kartochka oladi va maydonni tark etadi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi qolgan vaqt davomida raqibga munosib qarshilik
ko‘rsatishiga qaramay KXDRni to‘xtatib qolishni iloji bo‘lmaydi va alamli ravishda koreyaliklar O‘zbekiston terma jamoasi darvozasini ikki bor ishg‘ol etishadi. Albatta bunda final bahsini boshqarib borgan eronlik
hakamning ham o‘yinga ta’siri katta bo‘ladi va u futbolchilarimizga ayamagan holatda sariq va qizil kartochkalarni birin-ketin ko‘rsatadi. Shu tariqa O‘zbekiston finalda mag‘lub bo‘ladi lekin Abbosbek Maxstaliyev turnirning eng yaxshi o‘yinchisi Temur Hakimov esa turnir to‘purariga aylanadi.


# MEKSIKADA YOZILGAN TARIX

2011 yili O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Meksikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida qatnashadi. O‘smirlarimiz AQSh, Yangi Zelandiya va Chexiya kabi terma jamoalar bilan birgalikda “D” guruhidan joy olishadi.

1-turda Yangi Zelandiya termasiga yirik 1:4 hisobida imkoniyat boy beriladi. (Gol: Temur Xakimov 39-daqiqa). 2-turda terma jamoamiz AQSh o‘smirlariga qarshi maydonga tushadi va 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi (Gollar: Bobur Davlatov va Abbosbek Maxstaliyev) qolaversa ushbu o‘yinda rossiyalik hakam vakillarimiz kiritgan sof golni inobatga olmagan. 3-turda esa vakillarimiz chexiyalik o‘smirlarga qarshi maydonga tushadi va ushbu bahsda ham 2:1 hisobida g‘alaba qozonadi (Gollar: Temur Xakimov va Abbosbek
Maxstaliyev).

Shu tariqa vakillarimiz kutilmaganda 6 ochko bilan guruhda
peshqadam bo‘lib olishadi va 1-o‘rin bilan nimchorak finalga yo‘l oladilar, nimchorak finalda o‘smirlarimizga eski tanish Avstraliya termasi ro‘baro bo‘ladi va avstraliyalik o‘smirlar yirik 4:0 hisobida yanchib tashlanadi (Gollar: Abbosbek Maxstaliyev,Temur Hakimov, Davlatbek Yorbekov va avtogol). Shu tariqa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor chorak finalga yo‘l oladi. Chorak finalda esa vakillarimizga musobaqa favoriti Urugvay o‘smirlari duch kelishadi va bu bahsda O‘zbekiston
o‘smirlari 0:2 hisobida imkoniyatni boy berishadi va shu tariqa musobaqadagi ishtiroklarini yakunlaydilar.

Ushbu musobaqa davomida ham O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga Aleksey Yestafeyev bosh murabbiy va Ahmadjon Musayev katta murabiy sifatida ishlashgan edi. O‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksey Yestafeyev ushbu o‘smirlar terma jamoasi bosh murabiyligi vaqtida Abbosbek Maxstaliyev,Temur Hakimov, Sardor Sobirxo‘jayev, Zabihillo O‘rinboyev, Bobur Davlatov va Davlatbek Yorbekov kabi iste’dodlarni kashf etadi.


# ERONDAGI SARALASH O‘YINLARI

19 yoshgacha bo‘lgan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatiga yo‘llanma olish maqsadida dastlab O‘zbekiston terma jamoasi Eronda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati Saralash bahslarida maydonga tushishdi. Ushbu
saralash o‘yinlarida O‘zbekiston Eron, Pokiston, Hindiston, Turkmaniston yoshlar terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olishadi va 9 ochko bilan
mezbon eronliklardan keyingi 2-o‘rin bilan Yoshlar o‘rtasidagi BAA mamlakatida bo‘lib o‘tajak Osiyo Chempionatiga yo‘llanma olishadi.


# BAA MAYDONLARIDAGI G‘ALABALI ODIMLAR

BAAdagi mundialga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini Ahmadjon Musayev bosh murabiy Aleksey Yestafeyev esa katta murabbiy sifatida borishadi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi KXDR, Iordaniya va Vetnam terma jamoalari bilan “C” guruhidan joy oladilar.  1-turda Vetnam terma jamoasi 4:0 hisobida taslim etiladi. 2-turda esa iordaniyaliklar bilan durangga imzo chekiladi 2:2. 3-turda esa KXDR terma jamoasidan o‘tmishdagi mag‘lubiyat uchun revansh olinadi 2:0. Shu tariqa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi chorak finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar.
Chorak finalda yana bir tarixdagi raqibimiz suriyaliklar bilan yuzma-yuz kelamiz. O‘yinda hisob 2:2 bo‘lgach penaltilar seriyasiga murojaat qilinadi. Penaltilar seriyasida esa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 3:0 hisobida yarim final va Jahon Chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadilar. Yarim finalda esa ancha jiddiy
raqib Janubiy Koreya yoshlariga duch kelamiz va koreyaliklarga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yamiz. Lekin e’tiborli jihati shundaki ushbu musoboqa
to‘purari terma jamoamiz vakili Igor Sergeyev bo‘ladi (7 gol).


# JAHON CHEMPIONATI OLDIDAN KICHIK ChEMPIONAT

2013 yilning yanvar oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 21 yoshgacha bo‘lgan Yoshlar o‘rtasidagi Hamdo‘stlik Kubogi start oladi. O‘zbekiston terma jamoasi Rossiyaga Jahon Chempionatiga tayyorgarchilik ko‘rayogani bois  20 yoshgacha bo‘lgan terma jamoa bilan boradi. O‘zbekiston musobaqaning “B” guruhida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va mezbonlar Rossiya yoshlar terma jamaoalari bilan joylashadilar. Ushbu turnirning 1-turida O‘zbekiston terma jamoasi 21 yoshli Rossiya yoshlariga qarshi o‘yinda 2:2 hisobida durangga erishadilar (O‘yinni FIFA Prizidenti Zepp Blatter tik turgan holda tomosha qiladi). 2-turda esa Qozog‘istonni 1:0 hisobida mag‘lub etadilar. 3-turda esa Qirg‘iziston bilan durang natija qayd etiladi 2:2.
Shu tariqa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi faqat to‘plar nisbati bo‘yicha 2-o‘rinni olgan holda chorak finalga yo‘l oladi. Chorak finalda yana o‘sha 21 yoshgacha bo‘lgan Rossiya yoshlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushamiz va ruslarga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yamiz. 5-8-o‘rin uchun o‘yinlarda esa Qozog‘istonga ham 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lamiz va nihoyat 7-o‘rin uchun bahsda Tojikiston terma jamoasini 2:0 hisobida yenggan holatda musobaqani o‘zimizga mos bo‘lmagan 7-o‘rinda yakunlaymiz.


# O‘ZBEKISTON YANA JAHON CHEMPIONATIDA

O‘zbekiston terma jamoasi 2013 yilda Turkiyadagi Jahon chempionatida Yangi Zelandiya, Xorvatiya va Urugvay termalari bilan “F” guruhidan joy oladi. 1-turda ikki yil oldin bizni 1:4 hisobida yer tishlatgan Yangi Zelandiya terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratamiz (Gol: Igor Sergeyev, Diyorjon Turopov, Abbosbek Maxstaliyev).
2-turda esa O‘zbekiston terma jamoasi xorvatiyalik tenqurlariga qarshi maydonga tushadilar va 1:1 hisobida durang qayd etadilar (Gol: Sardor Rahmonov).
3-turda esa O‘zbekiston o‘zi uchun muhim bo‘lmagan bahsda Urugvay terma jamoasiga 0:4 hisobida imkoniyat boy beradi va shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi 4 ochko bilan guruhda 3-o‘rinni egalagan holatda nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.  Nimchorak finaldagi raqibmiz esa Gresiya bo‘ladi. Greklar bilan o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi (Gol: Abbosbek Maxstaliyev, Igor Sergeyev, Sardor Rahmonov).
2011 yilda 17 yoshligida JCh da chorak finalga chiqgan terma jamoamiz ikki yil o‘tib 20 yoshlilar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham chorak finalga chiqishni uddalashdi va chorak finaldagi raqib bo‘lajak chempion Fransiya edi. Pol Pogba sardorligidagi fransuzlar O‘zbekiston terma jamoasini 0:4 hisobida mag‘lub etishadi va O‘zbekiston terma jamoasi Turkiyadagi mundialda ishtiroklarini chorak finalda yakunlaydilar.

Ushbu mundial davomida terma jamoamizga bosh murabbiylik qilgan Ahmadjon Musayev 19 va 20 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Yoshlar terma jamoasiga bosh
murabiyligi vaqtida Igor Sergeyev, Maksimiliyan Fomin, Jamshid Iskanderov, Vladimir Kozak, Kamronbek Kapazde, Sardor Rahmonov va Diyorjon Turopov kabi futbolchilarni kashf etadi.


# BIZ UCHUN KUTILMAGAN NATIJALAR TAQDIM ETGAN SARALASH

2012 Yilda 22 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionati saralash bahslari Nepalda bo‘lib o‘tdi. Ushbu terma jamoaga Aleksey Yestafeyev bosh murabbiy etib tayinlandi va yoshlarimiz Nepaldagi saralashda
Iordaniya, Nepal, Bangladesh va Yaman kabi terma jamoalar bilan bir guruhdan joy olib 7 ochko bilan guruhda 2-o‘rinni olishdi. Aleksey Yestafeyev va boshqa O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bu sarlash bosqichi bo‘lganligi tufayligina raqibga bepisandlik bilan qaraganliklari bois natija ko‘ngildagidek bo‘lmagani va hammasi Ummondagi musobaqada hal etilishi va Ummondagi musobaqada yaxshi natija ko‘rsatishga vada beradilar.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Nepaldagi saralsh o‘yinlarida O‘zbekiston ishtirokidan qoniqmaganligi bois bir necha yillardan buyon O‘zbekiston miliy terma jamoasida katta murabiy lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat Maqsudovni bo‘lajak O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasiga bosh murabiy etib tayinlaydi va ilk bor o‘tkazilayotgan 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatiga borajak terma jamoaga ham Shuhrat Maqsudov bosh murabbiy etib tayinlandi.


# BIZ UCHUN OMADLI BOSHLANIB OMADSIZLIK BILAN TUGAGAN OSIYO CHEMPIONATI

2014 yil yanvar oyida Shuhrat Maqsudov boshchiligida Ummondagi Osiyo Chempionatiga borgan O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy, Iroq, Saudiya Arabistoni kabi terma jamoalar bilan bir guruhdan joy olishdi.

1-turda Xitoy 90 va 90+3 daqiqalarda urilgan gollar evaziga 2:1 hisobida mag‘lub etilgan bo‘lsa
2-turda Iroqga 1-2 hisobida
3-turda esa Saudiya Arabistoniga 0:1 hisobida imkoniyat boy berildi.

Shu tariqa musobaqa favoriti va eng tajovuzkor va ideal jamoa deb qaralgan.
Tarkibida: I.Sergeyev, T.Abduxoliqov, V.Kozak, J.Iskanderov, M.Fomin, A.Maxstaliyev, S.Sobirxo‘jayev, S.Rashidov, B.Yo‘ldoshev, S.Mirzayev, D.Jo‘rayev, Y.Krimes kabi nomlar bo‘lishiga qaramasdan O‘zbekiston terma jamoasi Shuhrat Maqsudov boshchiligida guruhda qolib ketdi.


# OSIYO O‘YINLARI 2014 (INCHEON)

2014 yilning kuzida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo‘lib o‘tuvchi Osiyo o‘yinlariga otlandi. Ammo O‘FF O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasini Incheonga Shuhrat Mahsudov qo‘l ostida yuborishga yuragi betlamadi va O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabiy sifatida MTJ bosh murabiyi Mirjalol Qosimov tayinladi va Qosimov Shuhrat Maqsudov bilan birgalikda olimpiyachilarimizni Incheonga olib ketdi.

Incheonda biz Gonkong, Bangladesh va Afg‘oniston terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan edik.

1-tur: O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini kutilmaganda durang bilan boshladi va Osiyoning o‘rtamiyona jamoalaridan
biri Gonkong bilan (1-1) hisobida durang o‘ynadi (Gol: Igor Sergeyev)
2-tur: O‘zbekiston 2-turga kelib uyg‘ondi va Bangladesh olimpiyachilari yirik 3:0 hisobida mag‘lub etildi (Gol: Vohid Shodiyev (dubl) va Sardor Rashidov)
3-tur: O‘zbekiston olimpiyachilari guruhdagi so‘nggi o‘yinda Afg‘oniston olimpiya terma jamoasini qiyinchiliksiz mag‘lub etdi hisob 5:0 (Vohid Shodiyev (dubl), Igor Sergeyev, Yegor Krimes, Farruh Sayfiyev)

Shu tariqa O‘zbekiston 7 ochko bilan to‘plar nisbatiga ko‘ra guruhda 1-bo‘ldi va chorak finalda yana o‘sha Saudiya Arabistoni bilan duch kelishi oydinlashib qoldi. Saudiya Arabistoni darvozasiga ikki bor yo‘l topa oldik va
o‘z darvozamizdan ham ikki bor to‘p olib chiqdik, o‘yinning asosiy vaqti so‘nggi daqiqalari o‘tib borayotgan va jamoalar qo‘shimcha taymlarga xozirlik ko‘rayotgan bir pallada Saudiya Arabistoni jarima zarbasiga ega bo‘ldi va darvozamizga uchinchi golni urgan hamonoq Incheondan Toshkent tomon yo‘lni
ko‘rsatvorishdi. Saudiya Arabistoni bilan o‘yinda ikki goldan birini yana o‘sha Vohid Shodiyev ikkinchisini esa Jamshid Iskanderov kiritdi.


# TAILANDDAGI QIROL KUBOGI YOXUD XAYR SHUHRAT MAQSUDOV

Shu vaqtgacha o‘rmirlar va Yoshlar o‘rtasida jahon chempionatida qatnashgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo Kubogidan oldinroq biroz qizib olish uchun Tailanddagi Qirol Kubogida qatnashishga qaror qildilar.

1-tur: O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi musobaqani mag‘lubiyat bilan boshladi. Birinchi turda 23 yoshgacha bo‘lgan olimpiyachilarimiz 22 yoshgacha bo‘lgan Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi bahsda ikki bor qizil kartochka
ishlab olishdi va 9 kishi bo‘lib maydonda harakat qilgan olimpiyachilarimiz bor yo‘g‘i 0:1 hisobida yutqazishdi. Mag‘lubiyat anashu ikki qizil kartochkani oldida xech narsa bo‘lmay qoldi. Birinchi qizilni xavfli o‘yini uchun Jaloliddin Masharipov olgan bo‘lsa, ikkinchi qizil kartochkani Tohir Shamsiddinov o‘zidan bir yosh kichik
koreyalik “ukasini” do‘pposlagani uchun olgan edi. Stadionda
o‘tirgan chet ellik jurnalistlardan tortib koreyalik OAV vakillarning bari dunyoga ayuhannos solgancha Shamsiddinovni qoralay ketdi. Shu tariqa
Shamsiddinov Qirol kubogidan chetlashtirildi.

2-Tur: Birinchi turda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar bilan harakatlangan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi 2-turda 22 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar bilan maydonga tushdi. Aksiga olgandek raqibimiz mezbon Tailand milliy terma
jamoasi edi, uchrashuvda hokkeycha hisob qayd etildi 5:2 O‘zbekiston g‘alabasi (Maksimilyan Fomindan navbatdagi qizil kartochka).

3-tur: Bir tur avval o‘zlaridan katta (akalarini) 5:2 hisobida yer tishlatgan 22 yoshgacha bo‘lgan olimpiyachilarimiz 3-turda yana 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoa bilan maydonga tushishdi raqibimiz 20 yoshgacha bo‘lgan gondurasliklar edi. Ushbu uchrashuvda Shuhrat Maqsudov shogirdlari o‘zlaridan
uch yosh kichik yigitlardan 4 ta gol o‘tkazib yuborishdi va ikki bor to‘p kiritishdi.


# ADOLAT QAROR TOPGAN KUN

Tailandda bo‘lib o‘tgan Qirol kubogidagi qo‘polligi uchun Tohir Shamsiddinov bir yilga futboldan chetlashtirildi va Musobaqadagi omadsiz ishtiroki va qator sabablar tufayli Shuhrat Maqsudov O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabiyligi lavozimidan ozod etildi.


# OLIMPIYACHILARIMIZNING O‘Z MURABBIYLARI BOR EDI

Shuhrat Maqsudov futbolchilik vaqtida ham murabiylik vaqtida ham terma jamoamiz uchun avvalo Vatan uchun tahsinga sazovor ishlar qildi, lekin Shuhrat Maqsudov olimpiyachilarimizga bosh murabiy etib tayyinlanishidan
aslo mani ham, mantiq ham, manoham yo‘q edi. Chunki Maqsudov milliy terma jamoa “odami” edi, lekin olimpiyachilar bu mutlaqo boshqa dunyo.

Bu yosh toifasidagi futbolchilarni besh barmog‘idek biladigan Ahmadjon Musayev va Aleksey Yestafeyev bor edi axir. Ular bu terma jamoaning imkoniyatlari va o‘yin falsafasini juda yaxshi bilishardi va ta’bir joiz bo‘lsa bu futbolchilarni tarixini o‘z qo‘llari bilan yozishgan edi. Tarkibni o‘zlari shakllantirib har bir futbolchini o‘zlari o‘smirlar va yoshlar terma jamoalariga chaqirib o‘zlari mashq qildirib kelishgan. Bu murabbiylar qaysi futbolchimiz qanaqa tezlikda yuguradi, qaysi futbolchimiz qancha masofadan yaxshi zarbalar bera oladi, qaysi futbolchimiz qancha muddatda o‘zini tiklab ola-oladi bularni barchasi Musayev va Yestafeyevga oydek ravshan edi, sababi ular bu terma jamoani 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlik vaqtidan beri boshqarishardi, Maqsudov esa xozir olimpiya terma jamoasida “o‘zga sayyora”likdek edi go‘yo. O‘zi Meksika va Turkiyada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatlaridan so‘ng nima
uchun bu ikki murabiyni vazifasidan ozod etilib Shuhrat Maqsudov Olimpiyachilarga bosh murabbiy bo‘lib qoldi degan savol hali-hamon ko‘pchilik uchun mavhum…


#  UZOQNI KO‘ZLAB TUZILGAN REJA (YOXUD ASRIY REJA)

Yuqoridagi fikrimni davom ettiraman, nima uchun o‘smirlar terma jamoasi Meksikadagi Jahon Chempionatida chorak finalga, Yoshlar terma jamoasi esa Turkiyadagi Jahon chempionatida chorak finalga chiqqaniga qaramasdan Yestafeyev va Musayev tandemi o‘z vazifasidan ozod etildi?
Keling bir detektiv ko‘zi bilan bu vaziyatga qaraylik toki Sherlok Xolms tilini tishlab qolsin. Balim…Balkim…eha aynan shunday Milliy terma jamoa bosh murabiyi Qosimov bilan yoshlikdan birga katta bo‘lganligi va birga ishlashayotganligi uchun. Ular bir birini yaxshi tushunishini inobatga olib Maqsudovga Olimpiya terma jamoasi hadya etilgandir deb o‘ylab qolasan kishi. Toki reja bo‘yicha 10 yildan beri MTJda katta murabiy bo‘lgan Maqsudov olimpiyachilarimizga ham bosh murabiy bo‘lishi kerak edi va MTJ dagi avlodlar almashinuvi vaqtida Qosimov MTJ asosiy tarkibiga yoshlarni jalb etadigan vaqti Maqsudov ko‘z o‘ngidagi Olimpiyachilardan “pishib turganlarini” Qosimovga tavsiya etishi va MTJ yig‘inlarida Shuhrat Maqsudov o‘zi taklif etgan Olimpiya terma jamoasidagi yoshroq futbolchilarga MTJ daham o‘zi ko‘z quloq bo‘lib turishi kerak edi. Qarang kompyuter qarshisida o‘tirib bir asriy rejani fosh qilib qo‘ydima? Qoyil


# MAQSUDOV O‘RNIGA ASHURMATOV

Shuhrat Maqsudov ketib bo‘sh qolgan o‘ringa O‘FF Qosimovga yaqin bo‘lgan murabiylardan biri Baxtiyor Ashurmatovni o‘tkazdi, “Guliston” va “Navbahor” jamoalari bilan katta potensial ko‘rsatgan Baxtiyor Ashurmatovga O‘FF rahbariyati katta ishonch bildirgan hamonoq Ashurmatovga bir vaqtning o‘zida OTJ va “Navbahor”ni boshqarish imkoniyatiham yaratib berildi.


# BANGLADESH 

Va nihoyat O‘zbekiston OTJ o‘z oldida turgan Rio mundialining ilk to‘lqiniga Bangladeshda duch keladi, O‘zbekiston OTJ faqat JChlarida pishib yetilgan optimal tarkibi bilan Bangladesh, Hindiston va Suriya kabi raqiblar oldida shu darajada talvasaga tushdiki musobaqa bo‘ladigan mamlakatga odatdagidan ancha oldin yetib bordi, yo‘l azobini ayeroportdan mehmonxonagacha his etgan futbolchilar tashkilotchilarning no‘noqligi tufayli sifatsiz maydonlarda mashg‘ulotlar olib borishdi.
O‘zbekiston OTJ musobaqa oldidan mahalliy “Abaxani” jamoasiga qarshi maydonga tushdi, tarkibda barcha asosiy futbolchilar bo‘lishiga qaramasdan Bangladesh jamoasi bilan nursiz durang qayd etildi (0:0) Osiyo chempionati saralash bosqichi, Bangladesh milliy stadioni, 2015 yil.
1-tur: O‘zbekiston OTJ hindistonlik tenqurlarini so‘nggi daqiqada urilgan gollar evaziga mag‘lub etishadi (Gol I.Sergeyev 87-daqiqa, Vladimir Kozak 90+3 daqiqa)
2-tur: O‘zbekiston bu turga kelib mezbonlar darvozasini birinchi taymning o‘zidayoq to‘rt bor nishonga olishadi, zerikarli kechgan bahsda mezbonlar futbolchilarimizga yetarli darajada qarshilik ko‘rsata olmaydilar. A.Shog‘ulomov esa o‘yining 55-daqiqasida qizil kartochka bilan jazolanadi. (Gol: Jaloliddin Masharipov, Abbos Maxstaliyev, Sardor Rahmonov (dubl)
3-tur: Vakillarimiz guruhdagi hal qiluvchi bahsda eski tanishlarimiz suriyalik futbolchilarga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishadi.

Ushbu musobaqadan so‘ng OTJmizning Qatardagi Olimpiya o‘yinlariga saralash bahslarida ishtirok etish imkoniyatlari juda pasayib ketadi, aniqrog‘i o‘z guruhida ikkinchi bo‘lgan O‘zbekiston o‘zidan keyingi guruh natijalarini kutishga majbur bo‘lib qoladi. Bir oydan so‘ng bo‘lib o‘tgan bahslarda Qirg‘iziston, Iordaniya, Quvayt va Pokiston jamoalarining natijalaridan so‘ng O‘zbekiston va nihoyat Qatardagi saralash bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.


# XAYR ASHURMATOV, SALOM JALILOV

MTJning qoniqarsiz natijalaridan so‘ng MTJ bosh murabiyi M.Qosimov o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etiladi. Qosimov bilan birgalikda Milliy va Olimpiya terma jamoalaridagi barcha murabiylar shtabi ham qayta yangilanadi. O‘zbekiston MTJning salbiy natijalaridan so‘ng O‘FF prizidenti Mirabror Usmonov O‘FF Ijroiya qo‘mitasi bilan majlis o‘tkazdi. Majlisda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining 22 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati saralashidagi ishtirokini ham o‘ta qoniqarsiz deb baholandi. Natijada Baxtiyor Ashurmatov o‘z arizasiga ko‘ra, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasidan ozod etilib, uning o‘rnini “Paxtakor” futbol klubida turli lavozimlarda ishlab kelgan Viktor Jalilov egalladi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini Osiyo chempioni qilgan Dilshod Nuraliyev O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining katta murabbiyi etib tayinlandi bundan oldingi holatlarda O‘FF Qosimov bilan ham fikr murabbiylarni OTJ ga olib kelishga urungan bo‘lsa MTJ Babayan bosh murabiy etib tayinlangani hamonoq OTJ ga Babayan bilan uzoq yillardan buyon birgalikda faoliyat yuritib kelgan Viktor Jalilov bosh murabbiy etib tayinladi. O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining asosiy vazifasi 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasini qo‘lga kiritish qilib belgilandi.


# SALOM BABAYAN

MTJdagi qator g'alabali seriyalardan so'ng 2015-yil 27-noyabr kuni O'zbekiston OTJ ga Samvel Babayan bosh murabbiy, Viktor Jalilov esa katta murabbiy etib tayinlandi. Shuningdek murabbiylar shtabidan Ravshan Haydarov, Gregoriy Kolosovskiy, Farhod Abduqodirov, Anvar Rashidov, Andrey SHipilovlar o'rin olishdi. Bu o'zgarishlarga O'FF

- "23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Osiyo chempionatida yuqori saviyada ishtirok etishini taminlash, 2016 yilgi Olimpiya o'yinlarining futbol musobaqasiga yo'llanmani qo'lga kiritish yo'lidagi tayyorgarliklarni yanada kuchaytirish maqsadida" deya izoh berdi.

Samvel Babayan Qadardagi musobaqadan oldin O'zbekistonda va xorijda bir nechta yig'inlar o'tkazishga ulgurdi. Jumladan 2015-yilning dekabr oyida Dubayda ikkita yig'in tashkillashtirildi va Samvel Babayan bu yig'inlar davomida ko'plab futbolchilarni ko'rikdan o'tkazdi.


# XAYR RIO-2016

Biz Qatarda bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatida Janubiy Koreya, Iroq va Yaman bilan bir guruhdan joy oldi. Bunday kuchli raqiblar bilan bir guruhdan joy olishimizning asosiy sababi Ashurmatov sabab Bangladeshdagi turnirda 2-o'rinni olganimiz edi. Aynan shu sababli O'zbekiston birinchi yohud ikkinchi savatchadan joy ololmadi va kuchli raqiblar bilan bir guruhga tushib qoldi.

2015-yilning 30-dekabr sanasida Samvel Babayan Qatardagi osiyo chempionatiga boradigan tarkibni e'lon qildi. Ana shu tarkibdan 23 nafar futbolchi joy oldi. Ushbu tarkibda olimpiya termasi yoshidagi futbolchilarimizdan jamiyki yulduzlar bor edi. Jumladan: Igor Sergeev, Jamshid Iskanderov, Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov, Vladimir Kozak, Maksimilyan Fomin, Akromjon Komilov, Sardor Rahmonov, Javohir Sohibov, Otabek SHukurov, Timur Hakimov, Ikromjon Alibaev, Jamshid Boltaboev, Husniddin Gafurov va boshqalar.

2016-yil 13-yanvar, 1-tur: O'zbekiston birinchi turda Janubiy Koreyaliklarga qarshi maydonga tushadi. o'yinning 17-daqiqasida Koreyaliklar penaltidan hisobni ochishadi, keyinroq hisob yiriklashadi. Biroq Dostonbek Hamdamov uzoq masofadan gol uradi. Hisob o'yin so'ngiga qadar o'zgarmaydi. J.Koreya 2-1 O'zbekiston.

2016-yil 16-yanvar, 2-tur: O'zbekiston bu turda Iroq olimpiya terma jamoasi bilan bahslashadi. O'yinnig 11-soniyasidayoq yana o'sha Dostonbek Hamdamov hisobni ochadi. Ammo Iroqliklar ushbu golga ikkita gol bilan javob qaytaradilar. Zaxiradan o'yinga qo'shilgan Temur Hakimov 78-daqiqada hisobni 2-2 ko'rinishiga keltiradi. 82-daqiqada esa Iroqliklar o'yinga so'ngi nuqtani qo'yishadi. O'zbekiston 2-3 Iroq. Shu tariqa O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Rio de Janeyroda bo'lib o'tadigan mundial bilan xayrlashadi.

2016-yil 19-yanvar. 3-tur: Amalda biz uchun xech narsani hal etmaydigan Yamanga qarshi bahsda vakillarimiz o'yinda yaqqol ustunlik namoyish etadilar. O'zbekiston 3-1 Yaman. Gollar: Igor Sergeev, Jaloliddin Masharipov va Javohir Sohibov.

Shu tariqa 2010-yil Kuala Lumpurdan boshlangan O'zbekiston yoshlar terma jamoasining taqdir yo'llari Olimpiya terma jamoasi sifatida o'z poyoniga yetadi. Endi 2020-yilda Tokyoda bo'lib o'tadigan Olimpiya o'yinlari uchun yangi tarkibdagi Olimpiya terma jamoasi o'z missiyasini boshlaydi.


#ENDI NAVBAT MILLIY TERMA JAMOAGA

Siz yuqorida aksariyat futbolchilarimizning yoshlar, o'smirlar, olimpiya terma jamoalari safida bosib o'tgan yo'llari bilan tanishdingiz. Hikoyam shu bilan o'z poyoniga yetgani yo'q. Aksincha hayot davom etadi. Endi ana shu qora ko'zlardan ko'pchiligi milliy terma jamoa libosida harakatlanadilar.


Muallif: Xudoyberganov Ulug'bek (Bek_Uzbekistan)

Комментарии