Hayotda mo'jizalar bo'lmaydi

foto: hronika.info

Har bir inson deya olmaymanku lekin juda-juda ham ko‘pchilik yoshligidan, o‘smirligidan hayotda qandaydur olamshumul mo‘jizani kutib yashasa kerak. O‘ylashimcha bu tabiiy holat.
Bir mo‘jiza sodir bo‘lsaydiyu falakning gardishi bir aylanib mana bunday bo‘lib qolsa. Mana shunday voqeiylik sodir bo‘lsa deb kutadi inson.

Ammo yaqinda bo‘lgan bir hodisa sabab mo‘jizalarga bo‘lgan qarashim mutlaqo o‘zgarib ketdi.
Kuz o‘tib, qishning ayozli kunlari boshlangan bir palla edi. Qish bo‘lishiga qaramasdan qator sovuq va qorli kunlardan so‘ng tong o‘zgacha otdi, oftob nurlari erta tongdan oynamizga tushar va uyimizni yoritar edi. Qish kunida quyoshning iliq taftini his etish bir muncha yoqimli bo‘ldi. Nonushtadan so‘ng internetdagi yangiliklar bilan tanishdim, biroz ijtimoiy-tarmoqlarga ham vaqt ajratdim, shu payt e’tibor bersam ob-havo nisbatan yaxshi, Shunday kunda uyda o‘tirgim kelmadi qalinroq kiyinib ko‘chaga chiqdim. Maqsad mahalladagi do‘stlarim bilan biroz gaplashib ko‘ngil yozish edi, tashqariga chiqib qarasam yosh bolalar yetarlicha biroq tengdoshlarim ko‘rinmasdi. Yarim soatlarcha o‘tdi qarshimizdagi uyda turadigan Laziz va boshqa mahalladan bo‘lsada ancha qadrdonimizga aylangan Xurshidga ko‘zim tushdi. Ko‘rishdik-so‘rashdik, Laziz yo‘lida davom etdi Xurshid esa yonimdagi o‘rindiqdan joy oldi. Uyoq-buyoqdan bo‘lgan suhbatimizning ko‘lami vaqt o‘tgani sayin kengayib borar biz ham tobora olamshumul voqealar, dunyoviy masalalar haqida suhbatlashar edik. Ayrimlarini muhokama qilishga ham ulgurdik. Jahon va dunyo miqyosida bo‘layotgan yangiliklardan aytdim. Keyin esa hayotdagi ayrim muammolar haqida gap boshlanib qoldi, shu pallada Xurshid bir gapni aytdi, Ulug‘bek aka hali bir mo‘jiza yuz bersa mana bunday bo‘ladi, ana shunday bo‘ladi. Shu payt o‘zim bilgan yoki bilmagan holda, suhbat nuqtayi nazaridan ancha aqilli gapni aytib qo‘ydim: “Hayotda mo‘jizalar bo‘lmaydi”

Xurshid gapimga inkor ohangida javob qaytardi, Unday demang, Mo‘jizalar albatta sodir bo‘ladi.
Shunda unga kutilmagan savol bilan javob qaytardim.

Sen necha yoshsan ? Nechanchi yilda tug‘ilgansan ? Javobini kutmadim, Har holda o‘smirlik davridan o‘tding, Hayotda ozmi-ko‘pmi narsani ko‘rding. Qani aytchi shu vaqtgacha qanday mo‘jizaga guvoh bo‘lding o‘zi ?

Xurshid uzoq o‘ylamadi: Iye, Mana yaqinda bir video roli… Qo‘ysangchi Xurshid (Uni gapini yana bo‘ldim), Videolarni bir chetga sur, Hozirgi zamonda har qanday video rolikni yaratish, mantaj orqali istagan narsangni ularga qo‘shishing mumkin. Texnika, Kompyuterlar, Grafika, Visual effektlar shu darajada rivojlangan paytda mo‘jizani youtubedagi videolardan qidirmaylik. O‘z ko‘zing bilan ko‘rgan mo‘jizalar haqida ayt dedim o‘zgacha shijoat bilan.

U endi biroz o‘ylandi, E xa bir qarindoshimiz bir tug‘ganida naxt uchta farzandni dunyoga keltirgan… Kulib yubordim, E shu ham mo‘jiza bo‘ldiyu ? To‘g‘ri bu kamyob hodisadur lekin bunaqasi bo‘lib turadi.

Xurshid gapni burishga chog‘landi. Tug‘ilishning o‘zi ham bir mo‘jiza, Bizning dunyoga kelishimiz bir mo‘jiza, Farzand bu bir mo‘jiza.

Bahsimiz qizg‘inlashdi, Bu so‘zlaring biroz baland parvoz gaplar Xurshid, Tirnoqqa zor insonlar ham ko‘pligini inkor etmayman ammo hozirda yer yuzida milliardlab insonlar yashashadi, har soniyada, har daqiqada qanchadur inson tug‘iladi yana qanchasidur olamdan o‘tadi, Kel boshqa mo‘jizalarga o‘taqolaylik deyman men.

Xurshid kutilmagan javobni berishga urindi. Mana misol ikki boshli ilonga nima deysiz ? Kabel kanallaridan ko‘rsatishgan. Televizorda aldashmasa kerak deydi u.
Mening yuzim burishib aytdim, Shundayin jirkanchliklarni mo‘jiza sa’nab yuribsanmi ? Ikki boshli ilon, Ikki dumli fil, Ikki yurakli odam bular mo‘jizalar emas balki tabiatning xatolari va Genetiklarning ahmoqliklariku axir deyman men. Bular yetmaganidek sen yana o‘z ko‘zing bilan hayotda ko‘rganlaring haqida emas balki videolar haqida gapirmoqdasan. Real hayotda ko‘rgan mo‘jizalaring haqida ayt deyman.

Xurshid endi oldingiga qaraganda uzoqroq vaqt o‘ylandi. Xa u uzoq o‘yladi. Nazarimda butun hayot yo‘lini boshdan-oyoq bir esga olib o‘ttiyov. Ammo u jim edi. Xa u taslim bo‘lmadi. Dindan kelib ko‘rdi, Ayrim fazoviy hodisalardan misollar keltirmoqchi bo‘ldi, Hatto kelajak haqidagi farazlarini ham qistirib o‘tdi. Eng “kulminatsiyon” pallada esa o‘zga sayyoraliklar haqida ham nimalardir demoqchi bo‘ldi lekin o‘zi guvoh bo‘lgan mo‘jizani aytolmadi. Xa u hozirgi bahsimizda mag‘lub edi.
Keyin biz suhbatlashayotgan mavzu o‘zgardi, izg‘irin kuchaydi, u o‘z uyi tomon ketdi, men ham uyga kira qoldim. Bu suhbatimizdan yana bir do‘stim ( “uchinchi shaxs” ) xabar topib meni koyigan bo‘ldi. E o‘zindan ikki-uch yosh kichik yigitni nima qilasan ko‘nglini cho‘ktirib. Qo‘yaver mo‘jizalarga ishonaversin, hayotga bo‘lgan qiziqishi so‘nmasin. U shu vaqtga qadar hali mo‘jiza ko‘rmaganini isbotlab nimaga ham erishding dedi “uchinchi shaxs”.

Ammo men endi o‘z hayotimdan mo‘jizalar qidira boshladim. Xo‘sh men 20 yoshdan oshgan ekanman, Mo‘jizalar ko‘rganmikinman ? Nima mo‘jiza ? Boshqa insonlar miqyosida: Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Yaponiyani bir vaqtlar mag‘lub etganimi ? Yoki 2009-yilda Bunyodkor Barselona bilan 1-1 hisobida durrang o‘ynaganimi ? Balki kuni kecha Denis Istomin kimsan Novak Jokovichni mag‘lub etganidir ?

O‘zimning shaxsiy hayotimdan kelib chiqsakchi ? RAYHON bilan ko‘rishib, birga suratga tushganimmi ? O‘zim istagan kollejda o‘qiyotganimmi ? Balki bugungi kunimiz, Sog‘-salomatligimiz, Oila a’zolarimning sog‘ligi, Tirikligimiz, Tinchligimiz-xotirjamligimiz mo‘jizadur ? Inkor etmayman, Bo‘lishi mumkin.

Ammo yana bundan bor-yo‘g‘i bir necha kun oldin bo‘lgan voqeylikni eslayman. O‘tgan hafta tennis mavzusida bir maqola yozar ekanman. O‘z vaqtida Jahon Tennis olamining 1-raqamli yulduzi bo‘lgan ispaniyalik Rafael Nadaldan dunyo tennis olamidagi birinchi o‘rinni “Osmondan tushgandek” paydo bo‘lgan serbiyalik Novak Jokovich tortib oldi degan jumlalarni aytgan edim. Ana o‘shanda ham yuqoridagi “uchinchi shaxs” yo‘q degan edi. U aytgan ediki Novak Jokovich mars sayyorasidan (osmondan) tushib Rafael Nadaldan dunyo tennisidagi 1-o‘rinni tortib olmadi. U yerda tug‘ildi va bolaligi, yoshligi, o‘smirligini, butun umrini shu sportga bag‘ishlab, Butun borlig‘ini berib. Astoydil tayyorlanib, mashq qilib o‘zining mehnati evaziga tennisda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. U osmondan tushmadi balki, “yerdan yerga” keldi deb aytgan edi.

Xa “uchinchi shaxs” shu pallada haq edi. Balki biz hammasiga o‘z kuchimiz, o‘z mehnatimiz, o‘z harakatimiz, Irodamiz va sabrimiz bilan erisharmiz ?

Mening nazarimda biz g‘oyibdan keladigan mo‘jizani kutib ko‘p ham unga ishonib qolishimiz kerak emas. Toki “Mo‘jizalar” ertaklarda, kitoblarda, kinolarda bo‘ladi.

1. “Hayotda mo‘jizalar bo‘lmaydi”. 2. Bo‘lsa ham “juda kam” bo‘ladi. Lekin baribir 1-fikrim haqiqatga ko‘proq yaqinroqdek. Ammo mening o‘zim ham mo‘jizalar yuz berishini xohlar edim. Qachonlardur emas hozir, juda bo‘lmaganida yaqin kelajakda.
Xo‘sh ? Sizning mo‘jizalar haqida fikringiz qanday ?


Muallif: Xudoyberganov Ulug‘BEK (Ulug'bek Toshkandiy)

Комментарии